mektubot | O’N SAKKIZINCHI MAKTUB | 1
(1-7)

 

O’N SAKKIZINCHI MAKTUB

بِاسْمِهِ سُبْحَانَهُ وَاِنْ مِنْ شَيْءٍ اِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدِهِ

 (Bu maktub «Uch muhim masala»dan iboratdir)

Birinchi muhim masala: «Futuhoti Makkiya» muallifi Muhyiddin Arab (q.s.) va «Insoni Komil» deyilgan mashhur bir kitobning muallifi Sayyid Abdulkarim (q.s.) kabi mashhur avliyolar yer kurrasining yetti tabaqasidan va Kof tog’ining orqasidagi Arzi Bayzo (oppoq yer)dan va «Futuhot»da Mashmashiya deyilgan ajoyibotdan bahs etadilar; ko’rdik deydilar. Ajabo, bularning aytganlari to’g’rimi? To’g’ri bo’lsa, holbuki, bunday yerlarning Yerda yerlari yo’q. Ham jo’g’rofiya va fan ularning bu gaplarini qabul qilmaydi. Agar to’g’ri bo’lmasa, bular qanday avliyo bo’lishi mumkin. Bunday  voqelikka xilof va haqiqatga xilof so’ylagan qanday qilib haqiqat ahlidan bo’la oladi?

Aljavob: Ular haq va haqiqat ahlidandirlar. Ham avliyo va shuhud ahlidandirlar. Ko’rganlarini to’g’ri ko’rganlar, biroq ihotasiz bo’lgan (atroflicha ko’rinmaydigan) shuhud holatida va tush suratida ko’rganlarini ta`birlab, chiqargan hukmlarida nohaq bo’lganlari uchun, qisman yanglishdir. Tushdagi odam o’z tushini ta`birlay olmagani kabi, u xildagi ahli kashf va shuhud ham ko’rganlarini o’shanday vaziyatda turib o’zlari ta`birlay olmaydilar. Ularni ta`birlovchilar, Asfiyo deb atalgan va payg’ambarlar vorislari bo’lmish muhaqqiq olimlardir. Albatta u xildagi shuhud ahli ham asfiyo maqomiga chiqqanlarida, Kitob va Sunnatning hidoyati bilan yanglishlarini anglaydilar, tuzatadilar va tuzatganlar ham.

Shu haqiqatni izohlaydigan ushbu misoliy hikoyani tingla. Shundayki:

Bir zamonlar ahli qalb bo’lmish ikki cho’pon bor ekan. Bir kuni ular o’zlarining yog’och kosalariga sut sog’ib yonlariga qo’yishibdi. Naylarini o’sha kosaning ustiga qo’yishibdi. Biri «uyqum keldi» deb yotib, bir oz vaqt uxlabdi. Boshqasi yotganga diqqat qilaturib ko’rdiki, pashshadek bir narsa uxlayotganning burnidan chiqdi va sut kosasiga qarab turdi. So’ngra nay ichiga kirdi. Narigi uchidan chiqib ketib, kiyikpanja degan bir o’tning tagiga kirib ko’zdan g’oyib bo’ldi. Ma`lum vaqt o’tgach, yana o’sha narsa qaytib chiqdi, yana nay ichidan o’tdi va yotganning burniga kirdi. U esa uyg’onib ketdi va dedi:

–Ey do’stim! Ajib bir tush ko’rdim.

U esa dedi:

– Alloh xayrli qilsin, nima ekan?

Аудио мавжуд эмас