mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 3
(1-16)

Xullas, bunday hadsiz bir abadiy hayot uchun ishlashni va iymondek muqaddas bir nurga xizmatni tashlab, keksalik chog’ida keraksiz tahlikali siyosat o’yinchoqlariga berilmoq, nahotki, mendek aloqasi uzilgan va yolg’iz va eski gunohlariga kafforat izlashga majbur bir odamda bo’lsa... Bu narsa naqadar aqlga xilof, naqadar hikmatga xilof, nechog’liq devonalik ekanini devonalar ham anglab yetadilar.

Ammo, Qur`on va iymonning xizmati nima uchun meni man qilishini so’rasang, men esa deymanki: Iymon va Qur`on haqiqatlari bittadan olmos hukmida bo’lgani holda, siyosat bilan omixta qilsaydim, qo’limdagi u olmoslar aldanishi oson bo’lgan avom tarafidan, «Ajabo, tarafdor qozonmoq uchun bir siyosiy tashviqot emasmikin?» deb o’ylanadi. Ul olmoslarga oddiy shishalar nazari bilan qarashlari mumkin. U holda, men shu siyosatga qo’l urish bilan ul olmoslarga zulm qilgan va qiymatlarini tushirgan bo’laman. Xullas, ey ahli dunyo! Nedan men bilan o’chakishayotirsiz? Meni o’z holimga qo’ymayapsiz?

Agar desangizki: Shayhlar ba`zan ishimizga aralashadilar. Seni ham ba`zan shayh deydilar.

Men esa deyman: Hoy afandilar! Men shayh emasman, men mudarrisman. Bunga dalil: to’rt yildirki, bu yerdaman; birorta odamga tariqat darsini bersaydim, shubhalanishga haqqingiz bo’lardi. Balki yonimga kelgan har kimga deymanki, «Iymon lozim, Islomiyat lozim; tariqat zamoni emas.»

Agar desangizki: Seni Saidi Kurdiy deydilar. Balki senda millatchilik fikri bordir. Bu bizga to’g’ri kelmaydi.

Men esa deyman: Hoy afandilar! Eski Saidning va Yangi Saidning yozganlari maydonda. Shohid ko’rsatamanki, men اْلاِسْلاَمِيَّةُ جَبَّتِ الْعَصَبِيَّةَ الْجَاهِلِيَّةَ qat`iy farmoniga ko’ra, eski zamondan beri manfiy milliyat (millatchilik) va unsuriyatparvarlikka (irqchilikka), Ovrupaning bir navi farangi illati bo’lganidan, o’ldiruvchi zahar degan nazarda qarayman. Va Ovrupa o’sha ajnabiy illatini Islom ichiga otgan, to tafriqa chiqarsin, parchalasin, yutishga tayyor bo’lsin deb o’ylaydi. O’sha ajnabiy illatidan eskidan beri davolashga uringanimni, talabalarim va men bilan muloqotda bo’lganlar biladilar. Modomiki shunday ekan, hoy afandilar! Har bir hodisani bahona qilib, menga siquv berishga sabab nedir, ajabo? Sharqda birnafar xato qilsa, g’arbdagi boshqa bir nafarga, u ham askar bo’lgani uchun zahmat va jazo berish;

va yo Istambulda bir savdogarning jinoyatini deb, Bog’dodda bir do’kondorni, avvalgining kasbdoshi bo’lgani uchun mahkum qilishga o’xshab, har bir dunyoviy hodisada meni siqishlik qaysi usulga binoandir? Qaysi vijdon hukm qila oladi? Qaysi maslahat taqozo qiladi?

Аудио мавжуд эмас