mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 5
(1-16)

Ikkinchi hikoya: Shu yili eshitdimki, bir hodisa bo’libdi. O’sha hodisa bo’lib o’tgach, bo’lgan voqeani faqat qisqagina mazmunini eshitganim holda, o’sha voqeaga jiddiy aloqam bordek muomala ko’rdim. Zotan hech kim bilan xabarlashmas edim, bo’lsa ham juda kamdan kam o’laroq, bir iymoniy masalani bir do’stimga yozardim. Hatto tort yilda ukamga birgina maktub yozdim. Va insonlarga aralashib yurishdan men ozimni man qilardim, yana ahli dunyo ham meni man qilardi. Yolg’iz bir-ikki ahbobim bilan haftada bir-ikki marta ko’risha olardim. Qishloqqa kelgan musofirlar esa oyda bir-ikkitasi, ba`zan bir-ikki daqiqaga, Oxiratga doir bir masalada men bilan ko’rishardi. Bu g’urbat holimda g’arib, yolg’iz, kimsasiz, nafaqa uchun ishlash men kabilarga muvofiq bo’lmagan bir qishloqda har narsadan, har kimsadan man etildim. Hatto to’rt yil avval harob bo’lgan bir jome-masjidni ta`mirlatdim. Mamlakatimda imomlik va voizlik qilishga hujjatim qo’limda bo’lganidan, o’sha jomeda to’rt yildan beri (Alloh qabul etsin) imomlik qilganim holda, o’tgan shu muborak Ramazonda masjidga borolmadim. Ba`zan namozimni yolg’iz o’qidim. Jamoat bilan o’qilgan namozning yigirma besh savobidan mahrum qoldim.

Boshimga tushgan mana shu ikki hodisaga ham, aynan ikki yil avval o’sha ma`murning menga qarshi muomalasiga ko’rsatganim sabr va bardoshimni yana ko’rsatdim. Inshoalloh, shunday davom etaman. Ham shunday deb o’ylayman va deymanki: «Agar ahli dunyo tarafidan boshimga solingan shu aziyat, shu qiyinchilik, shu tazyiq mening aybli va qusurli nafsimga bo’lsa, ularga da`voim yo’q. Mening nafsim balki shu bilan isloh bo’lar. Ham uning gunohlariga kafforat bo’ladi. Bu dunyo musofirxonasining safosini ko’p ko’rdim, ozgina jafosini ko’rsam, yana shukr qilaman.

Agar iymonga va Qur`onga xizmatkorlik jihatim tufayli ahli dunyo menga tazyiq o’tkazayotgan bo’lsa, bunga qarshi mudofaa eish mudofaasi menga oid emas. Uni Azizi Jabborga havola etaman.

Agar maqsadlari sohta va riyoga sababchi va ixlosni sindiruvchi bo’lgan bir sohta shuhratni sindirmoq uchun meni el nazaridan qoldirmoq bo’lsa, ularga rahmat. Chunki ommaning e`tiboriga sazovor bo’lmoq va xalqning nazarida shuhrat qozonmoq men kabi odamlarga zarar deb hisoblayman. Menga yaqin yurganlar meni biladilarki, o’z shaxsimga hurmat istamayman, balki nafratlanaman. Hatto qiymatdor muhim bir do’stimni haddan ziyoda menga hurmati uchun, yanglishmasam ellik marta koyiganman.

Аудио мавжуд эмас