mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 6
(1-16)

Agar meni badnom qilishdan va ommaning nazaridan tushirishdan, izzatimni to’kishdan ko’zlagan maqsadlari, men tarjimoni bo’lgan ushbu  iymon va Qur`on haqiqatlarini yakson qilmoq bo’lsa, behudadir. Zero Qur`on yulduzlariga parda tortib bo’lmas. «Ko’zini yumgan, yolg’iz o’zi ko’rmaydi, boshqalar uchun qorong’i qilolmas.»

TO’rtinchi NuQta. Vahimali bir necha savolning javobidir.

Birinchisi: Ahli dunyo menga deydiki: «Nima bilan yashayapsan? Ishlamay qanday kun ko’ryapsan? Mamlakatimizda tanballik qilib o’tirganlarni va boshqalarning mehnati hisobidan kun kechirganlarning bo’lishini istamaymiz.»

Aljavob: Men iqtisod va barakot ila yashayapman. Razzoqimdan boshqa hech kimning minnatini olmaganman va olmaslikka qaror berganman. Ha, kunini yuz tiyin, balki qirq tiyin bilan o’tkazgan bir odam boshqaning minnatini olmaydi. Shu masalani izohlashni hech xohlamas edim. Balki bir g’ururni va manmanlikni bildirar degan fikr tufayli, bayon qilish menga juda noxushdir. Biroq, modomiki ahli dunyo vahimali bir suratda so’rayotgan ekanlar, men ham deymanki: Bolaligimdan beri xalqning molini qabul qilmaslik (valav (hatto) zakot bo’lsa ham) hamda maoshni qabul qilmaslik (yolg’iz bir-ikki yil Dorul Hikmatul Islomiyada, do’stlarimning qistovi bilan (maoshimni) qabul qilishga majbur bo’ldim), ham dunyo tirikchiligi uchun minnat ostiga kirmaslik butun umrimdagi bir hayot dasturimdir. Yurtdoshlarim va boshqa yerlarda meni taniganlar buni biladilar. Shu besh yildan beri surgundalik chog’imda, ko’p do’stlar menga hadyalarini qabul ettirish uchun ko’p urindilar; qabul qilmadim.

«Unday bo’lsa qanday idora etasan (kun kechirasan)?» deyilsa, deymanki:

Barakot va ikromi Ilohiy ila yashayapman. Nafsim garchi har qanday haqoratga, har qanday xorlikka mustahaq bo’lsa-da, ammo Qur`onga xizmatning karomati o’laroq, rizq xususida ikromi Ilohiy bo’lgan barakotga sazovor bo’lganman.
 
وَ اَمَّا بِنِعْمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثْ siriga ko’ra, Janobi Haqning menga bergan ehsonlarini yod etib, bir ma`naviy shukr tariqasida bir necha namunasini so’ylayman. Bir ma`naviy shukr bo’lish bilan birga, qo’rqamanki, bir riyo va g’urur hissini uyg’otib, shu muborak barakot kesilib qolmasin. Chunki faxrlanib yashirin barakotni izhor qilmoq, kesilib qolishiga sabab bo’ladi. Ammo nachora, so’ylashga majbur bo’ldim.

Аудио мавжуд эмас