mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 8
(1-16)

To’rtinchisi: Bu ustimdagi chakmonni etti yil avval eski holda olgandim. Besh yildan beri ko’ylak, ich kiyim, kovush, paypoq uchun to’rt yarim lira sarfladim. Barakot, iqtisod va rahmati Ilohiya menga kifoya bo’ldi.

Mana shu namunalar kabi ko’p voqealar bor. Bu qishloq xalqi ko’pini biladilar. Ammo, zinhor bularni faxr uchun zikr qilyapti deb o’ylamanglar, balki majbur bo’ldim. Ham, men uchun biron manfaatga sabab bo’ladi deb tushunmanglar. Bu barakotlar yo yonimga kelgan xolis do’stlarimga ehsondir va yo Qur`on xizmatiga bir ikromdir va yo iqtisodning barakotli bir manfaatidir va yohud «Yo Rahiym, yo Rahiym» deya zikr qilgan va yonimda bo’lgan to’rt mushukning rizqlaridirki, barakot suratida keladi, men ham undan istifoda etyapman. Ha, hazin mir-mirlarini diqqat-la tinglasang, «Yo Rahiym, yo Rahiym» deganlarini anglaysan.

Mushuk bahsi keldi, tovuqni xotiraga keltirdi. Bir tovug’im bor. Shu qishda tuxum mashinasi kabi juda oz oraliq bilan har kun rahmat xazinasidan menga bir tuxum keltirardi. Bir kuni ikkita tuxum qo’ydi, men ko’rib hayratda qoldim. Do’stlarimdan so’radim: «Shunaqasi ham bo’ladimi?» dedim. Dedilarki: «Balki bir ehsoni Ilohiydir.»

Ham yana, shu tovuqning yozda ochgan kichik bir jo’jasi bor edi. Ramazoni Sharifning boshida tuxumga kirdi. To qirq kun davom etdi. Ham o’zi kichik, ham yana qishda, ham Ramazonda – bu muborak holni bir ikromi Rabboniy ekaniga na mening, na menga xizmat qilganlarning shubhamiz qolmadi. Ham qachonki onasi to’xtatganda jo’jasi boshladi; meni tuxumsiz qoldirmadi.

Ikkinchi vahimali savol. Ahli dunyo deydilarki: «seni dunyomizga aralashmasligingga qanday ishonamiz?» Seni erkin qo’ysak balki dunyomizga aralasharsan. Ham ayyorlik qilmayotganingni qanday bilamiz? O’zingni tarki-dunyo qilgan ko’rsatib, xalqning molini zohiran olmay, aslida yashirincha olishdek bir ayyorlik qilmaganingni qanday bilamiz?

Aljavob: Yigirma yil avval harbiy tribunalda va hurriyatdan avvalroq ko’plarga ma`lum hol-ahvolimni va «Ikki musibat maktabining shahodatnomasi» nomli o’sha davrda harbiy tribunalda qilgan mudofaam qat`iy ko’rsatadiki, ayyorlik tugul, balki eng oddiy bir hiylaga ham tanazzul etmagan bir tarzda hayot kechirganman. Agar hiyla bo’lsaydi, bu besh yil mobaynida xushomadgo’ylarcha murojaat qilgan bo’lardi. Hiylali odam o’zini sevdiradi, o’zini tortmaydi; doimo chalg’itib aldashga urinadi. Holbuki, menga qilingan eng mudhish hujumlarga va tanqidlarga muqobil past kelib tanazzul etmadim. «Tavakkaltu alalloh» deya ahli dunyodan yuz o’girdim. Hamda, oxiratni bilgan va dunyoning haqiqatini kashf etgan odam, aqli bo’lsa, pushaymon bo’lmaydi; takror dunyoga qayrilib, u bilan ovora bo’lmaydi. Ellik yildan so’ngra, aloqasiz, yolg’iz bir odam abadiy hayotini dunyoning bir-ikki yillik safsatalariga, nayranglariga fido etmaydi. Fido qilsa ayyor bo’lmaydi, balki ablah bir devona bo’ladi. Ablah bir devonaning qo’lidan nima ham keladiki, u bilan ovora bo’linsa.

Аудио мавжуд эмас