mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 11
(1-16)

Ikkinchidan: Men yozgan iymon haqiqatlarini to’g’ridan to’g’ri nafsimga xitob qilganman. Har kimni da`vat qilmayman. Balki ruhlari muhtoj va qalblari yarali bo’lganlar ul Qur`oniy davolarni izlab topmoqdalar. Faqat tirikchiligim uchun, yangi harf chiqmasdan avval, hashrga doir bir risolani chop ettirdim. Bundan ham, menga qarshi bo’lgan noinsof eski voliy u risolani tadqiq qilib chiqib, tanqid qiladigan bir jihat topolmagani uchun yopishmadi.

Uchinchi masala: Mening ba`zi do’stlarim, ahli dunyo menga shubhali qaraganlari uchun, ahli dunyoga xush ko’rinmoq uchun mendan zohiran voz kechadilar, hatto tanqid qiladilar. Holbuki, ayyor ahli dunyo bularning voz kechishlarini va mendan chetlab yurishlarini, ul ahli dunyoga sadoqatlilikda emas, balki bir navi riyokorlikda, vijdonsizlikda qabul qilib, o’sha do’stlarimga qarshi yomon nazar bilan qaraydilar.

Men esa deymanki: Ey oxirat do’stlarim! Mening Qur`onga xizmatkorlik jihatimdan voz kechib qochmangiz. Chunki, inshoalloh, men sababli sizga zarar kelmaydi. Agar, faraz qilsakki, sizga musibat keladigan va yo zulm qilinadigan bo’lsa, mendan voz kechish bilan undan qutulolmaysiz. U holatingiz bilan musibatga va dakkiga yanada ziyoda loyiqroq bo’lasiz. O’zi nima ham borki, vahimaga tushmoqdasiz?..

To’rtinchi masala: Shu surgundalik davrimda ko’ryapmanki, xudfurush va siyosat botqog’iga tushgan ba`zi insonlar menga tarafkashona, raqibona nazar bilan qaramoqdalar. Go’yo men ham ular kabi dunyo jarayonlariga aloqadordek.

Hoy afandilar! Men iymonning jarayonidaman. Qarshimda iymonsizlik jarayoni bor. Boshqa jarayonlar bilan aloqam yo’q. U odamlardan ajr evaziga ishlayotganlar balki o’zini bir daraja ma`zur deb bilar. Ammo ajrsiz, hamiyat nomidan menga qarshi tarafkashona va raqibona vaziyat olmoq va hujum qilmoq va aziyat bermoq, g’oyat yomon bir xatodir.

Chunki avval isbotlangani kabi, dunyo siyosatlari bilan hech aloqam yo’q. Butun vaqtimni va hayotimni iymon va Qur`on haqiqatlariga bahshida etganman va vaqf qilganman. Modomiki shunday ekan, menga aziyat berib raqibona hujum qilgan odam bilsinki, bu muomalasi dinsizlik va iymonsizlik nomidan iymonga hujum qilish hukmiga o’tadi.

Аудио мавжуд эмас