mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 10
(1-16)

Beshinchi NuQta: Beshta kichik masalaga doirdir.

Birnchisi: Ahli dunyo menga deydilarki: «Bizning madaniyat usulimizni, hayot tarzimizni va kiyinish qiyofamizni nima uchun sen o’zingga tatbiq qilmayapsan?» Demak, bizga dushman ekansan-da?»

Men esa deyman: Hoy janoblar! Qaysi huquq ila menga madaniyat usulingizni taklif etmoqdasiz? Holbuki, siz meni madaniyat huquqidan mahrum qilgan kabi, nohaq besh yil bir qishloqda odamlar bilan ko’rishishdan va aralashib yurishdan man etib, shu tarzda istiqomat qildirdingiz. Surgundagilarning har birini shaharlarda do’st va aqrabolari bilan ko’rishtirdingiz, so’ngra ruxsatini berganingiz holda, sababsiz meni yakkalab qo’yib, bir-ikki martadan tashqari hech bir hamshaharim bilan ko’rishtirmadingiz. Demak meni shu millatning vakili va fuqarosi deb hisoblamaysiz. Qanday qilib madaniyat qonunlaringizni tatbiq qilishni menga taklif qilyapsiz? Dunyoni menga zindon qildingiz. Zindondagi odamga bunday narsalar taklif qilinmaydi. Siz menga dunyo eshigini berkitdingiz, men oxirat eshigini qoqdim, rahmati Ilohiya ochdi. Oxirat eshigida turgan odamga dunyoning chalkash usul va odatlari qanday taklif etiladi? Qachon meni ozod etib, mamlakatimga qaytarib, huquqimni bersangiz, shundan keyingina usulingizni tatbiqini istashingiz mumkin.

Ikkinchi masala: Ahli dunyo deydilarki: «Bizga diniy hukmlarni va iymon haqiqatlarini ta`lim beradigan rasmiy bir doiramiz bor. Sen qay salohiyat bilan dinni yoymoqdasan? Sen modomiki surgunga mahkum ekansan, bu ishlarga aralashishga haqqing yo’q.»

Aljavob: Haq va haqiqatni cheklab bo’lmaydi!.. Iymon va Qur`onni qanday qilib cheklab qo’yish mumkin. Siz dunyoingiz usulini, qonunini cheklashingiz mumkin, ammo iymon haqiqatlarini va Qur`on asoslarini rasmiy shaklda va ajr evaziga dunyo muomalalari suratiga solib bo’lmaydi. Balki Ilohiy vahiy bo’lgan u hikmatlar xolis niyat bilan va dunyodan va nafsoniy xohishlardan tiyilish bilan u fayzlar kelishi mumkin. Hamda sizning o’sha rasmiy doirangiz ham meni o’z yurtimda voiz deb qabul qildi, tayinladi. Men ul voizlikni qabul qildim, lekin maoshini tark etdim. Qo’limda hujjatim bor. Voizlik, imomlik hujjati bilan har yerda ishlay olaman. Chunki mening surgunim nohaq bo’lgan. Ham modomiki surgundagilar uylariga qaytarilgan ekanlar, eski hujjatlarimning hukmi davom etadi.

Аудио мавжуд эмас