mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 4
(1-16)

Uchinchi nuQta: Holimni, istirohatimni o’ylagan va har musibatga sabr ila sukut saqlashimdan taajjubga tushgan  do’stlarimning shunday bir savollari borki, deydilar: «Senga kelgan zahmatlarga, qiyinchiliklarga qanday chidayapsan? Holbuki, avvallari juda qiziqqon va izzatli eding, arzimas bir haqoratga chidab turolmasding?»

Aljavob: Ikkita kichik hodisani va hikoyani tinglangiz, jabobini topasiz.

Birinchi hikoya: Ikki yil avval bir mudir besabab meni orqamdan kamsitadigan, haqoratli so’zlar so’zlagan ekan. Keyinroq buni menga aytdilar. Menda Eski Saidning hissi uyg’onib, bir soatcha menga yomon ta`sir qildi. So’ngra Janobi Haqning rahmati ila shunday bir haqiqat qalbga keldi, siqilishimni ketkazib, menga u odamni kechirtirdi. Ul haqiqat shuki:

Nafsimga dedim: Agar uning haqorati va bayon qilgan qusurlar shaxsimga va nafsimga oid bo’lsa, Allloh undan rozi bo’lsinki, mening nafsimning ayblarini aytgan bo’ladi. Agar to’g’ri aytgan bo’lsa, meni nafsimni tarbiya qilishga undagan bo’ladi va meni g’ururdan qutulishimga yordam bo’ladi. Agar yolg’on so’zlagan bo’lsa, meni riyodan va riyoning asosi bo’lmish sohta shuhratdan qutulishimga yordam bo’ladi. Ha, men nafsim bilan murosa qilmaganman. Chunki tarbiyalab bo’lmaganman. Mening bo’ynimda va yo qo’ynimda chayon borligini birov aytsa va yo ko’rsatsa, undan ranjimoq emas, mamnun bo’lmog’im lozim bo’ladi.

Agar ul odamning haqoratlari mening iymonga va Qur`onga xizmatkorlik sifatimga oid bo’lsa, u menga oid emas. U odamni meni xizmat ettirayotgan Sohibi Qur`onga havola etaman. U Azizdir, Hakiymdir.

Agar bor-yo’g’i meni so’kmoq, haqoratlamoq va badnom qilmoq navidan bo’lsa, u ham menga oid emas. Men manfiy va asir va g’arib va qo’lim bog’liq bo’lganidan, obro’yimni o’z qo’lim bilan tiklashga urinishim noo’rindir. Balki men musofir bo’lgan va nazorat ostida yurgan shu qishloq, so’ng tuman, so’ng viloyat hokimlariga oiddir. Bir insonning qo’lidagi asirini (o’ljasini) haqorat qilinsa, sohibiga oid bo’ladi, u mudofaa etadi. Modomiki haqiqat bunday ekan, qalbim istirohat etdi.

وَاُفَوِّضُ اَمْرِى اِلَى اللّهِ اِنَّ اللّهَ بَصِيرٌ بِالْعِبَادِ dedim. U voqeani bo’lmagandek hisobladim, unutdim. Ammo afsus, keyinroq ma`lum boldiki, Qur`on uni kechirmabdi...

Аудио мавжуд эмас