Sakkizinchi kalima: وَهُوَ حَىٌّ لاَ يَمُوتُ
Ya`ni , butun koinotning borlig’ida ko’ringan va muhabbatga vasila bo’lgan kamol, husn va ehsonning hadsiz darajasi ustidagi bir jamol va kamol va ehsonning sohibi va butun mahbublarga jamolining birgina jilvasi kifoya bo’lgan Ma`budi Lamyazal, Mahbubi Loyazalning azaliy va abadiy bir hayoti borki, zavol va fano kamchiligidan pok, o’tkinchi nuqson va qusurlardan xolidir. Xullas, bu kalima jin va insga, butun ongli mavjudotga, muhabbat va ishq ahliga e`lon qiladiki:
Sizlarga xushxabar beraman: mahbublaringizdan ajralganingiz tufayli paydo bo’lgan nihoyatsiz yaralarni davolab malham surtadigan bir boqiy Mahbubingiz bor. Modomiki U bor va boqdiy ekan, boshqalari nima bo’lsa bo’lsin, tashvish chekmangiz.Chunki u mahbublardagi muhabbatingizga sabab bo’lgan husn va ehson, fazl va kamol ul Mahbubi Boqiyning boqiy jamoli jilvasining qavat-qavat pardalardan o’tib orqasiga tushgan g’oyat zaif soyasining soyasidir. Ularning zavollari sizlarni injitmasin. Chunki ular bir oinaga o’xshaydilar. Oinalarning almashishi jamolning porloq jilvasini yangilaydi, go’zallashtiradi. Modomiki U bor ekan, har narsa bor".
To’qqizinchi kalima: بِيَدِهِ الْخَيْرُ
Ya`ni har bir xayr Uning qo’lidadir. Qilgan har qanday xayrli ishingiz Uning daftariga yoziladi. Qilgan har qanday solih amalingiz Uning huzurida qayd etiladi. Xullas, bu kalima jin va insga nido qilib, xushxabar bermoqdaki:
"Ey bechoralar! Mozoriston sari ko’chgan vaqtingizda "Ey voh! Molimiz xarob bo’lib, harakatlarimiz behuda ketdi, bu go’zal va keng dunyodan ketib, tor bir tuproqqa kirdik", demangiz. Faryod etib, ma`yus bo’lmangiz. Chunki sizning har narsangiz muhofaza qilinadi. Har amalingiz yozilgandir. Har xizmatingiz qayd etilgandir. Xizmatingizning mukofotini beradigan va har qanday xayr qo’lida bo’lgan va har qanday xayrni bajara oladigan bir Zoti Zuljalol sizni o’ziga jalb etib, vaqtincha yer ostida qoldiradi, so’ngra huzuriga oldiradi. Qanday baxtlisizlarki, xizmatingizni va vazifangizni bitirdingiz. Zaxmatingiz bitdi, rohat va rahmat sari ketmoqdasiz. Xizmat, mashaqqat tugadi; endi haqingizni olish unun bormoqdasiz.
Ha, o’tgan bahorning daftari amallarining sahifalari va xizmatining sandiqchalari bo’lmish urug’u danaklarni muhofaza etgan va keyingi bahorda g’oyat porloq, balki aslidan ham yuz daraja yanada barakotli bir tarzda muhofaza qilgan va qaytadan nashr etgan Qodiyri Zuljalol, albatta, sizning ham hayot natijangizni Shunday muhofaza qilmoqda va xizmatingiz evaziga juda ko’paygan bir suratda mukofot berajakdir".