So’zlar | ikkinchi so’z | 11
(11-12)
IKKINCHI SO’Z

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

اَلَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ

Iymonda naqadar buyuk bir saodat va ne`mat, naqadar buyuk bir lazzat va rohat borligini anglamoq istasang, bu misoliy hikoyachaga boq, tingla!
Bir vaqt ikki odam kayfu safo hamda tijorat uchun sayohatga chiqadilar. Xudbin, tole`siz bo’lmish biri bir tarafga, xudobin, baxtiyor bo’lmish ikkinchisi boshqa tarafga yo’l olib ketadilar. Xudbin odam, ham xudgam, ham xudandish, ham badbin bo’lganidan, badbinlikning azobi bo’lib, nazarida juda rasvo bir mamlakatga tushadi. Ko’radiki, har yerda ojiz, bechoralar zo’ravon, mudhish odamlarning qo’llaridan va buzg’unchiliklaridan dodu faryod etmoqdalar. Butun kezgan yerlarida alamli bir holatni ko’radi. Butun mamlakat bir umumiy motamxona shaklini olgan. Bu odam o’sha alamli, zulmli holatni his etmaslik uchun sarxushlikdan boshqa chora topolmaydi. Chunki har kim unga dushman va ajnabiy bo’lib ko’rinadi. Va har tarafda mudhish janozalarni, ma`yusona yig’lagan yetimlarni ko’rib, vijdoni azob ichra qoladi.
Ikkinchisi xudobin, xudoparast va haqandish, go’zal axloqli ediki, nazarida juda go’zal bir mamlakatga tushadi. Bu yaxshi odam kirgan mamlakatida bir umumiy xursandchilikni ko’radi. Har tarafda bir surur, bir sevinch, bir shavqu zavq holida zikrxonalar... Har kim unga do’st va qarindosh bo’lib ko’rinadi. Olqishlar va tashakkurlar ila butun mamlakatda bir umumiy ozodlik shodiyonasini ko’radi. Ham takbir va tahlil ila askarlikka olish uchun chalingan masrurona bir do’mbira va bir musiqa sasini eshitadi. Avvalgi badbaxt ham o’zining, ham butun xalqning alami ila alamzada bo’lgan bo’lsa, bu baxtiyor odam ham o’zi, ham butun xalqning sururi ila masrur va baxtiyor bo’ladi. Ham ajoyib bir tijoratni qo’lga kiritadi. Allohga shukr etadi.
So’ngra qaytib, avvalgi odamga uchraydi. Holini anglab, unga deydi: "Menga qara, sen nima, telba bo’ldingmi? Botiningdagi chirkinliklar zohiringga aks etibdi, kulmoqni yig’lamoq, ozod etishni tunamoq va talon-taroj etmoq deya vahima qilasan? Aqlingni yig’. Qalbingni pokla. Toki bu musibatli parda sening nazaringdan ko’tarilsin. Keyingina haqiqatni ko’ra olasan. Zero, nihoyat darajada odil, marhamatkor, xalqparvar, muqtadir, intizomparvar, mushfiq bir Malikning mamlakati — ko’z o’ngingda bu daraja taraqqiyot va kamolot asarlari aks etgan bir mamlakat sening vahming ko’rsatgan suratda bo’la olmas".
Аудио мавжуд эмас