So’zlar | beshinchi so’z | 17
(17-18)
BESHINCHI SO’Z

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

اِنَّ اللّهَ مَعَ الَّذِينَ اتَّقَوْا وَالَّذِينَ هُمْ مُحْسِنُونَ

Namoz o’qimoq va katta gunohlardan tiyilmoq insonning qay daraja haqiqiy bir vazifasi va odam yaratilishining naqadar fitriy, munosib bir natijasi ekanini ko’rmoq istasang, bu misoliy hikoyachaga boq, tingla!
Safarbarlikda ikki askar bir qismda, birga edilar. Biri — ta`lim ko’rgan, vazifaparvar, ikkinchisi — ajamiy, nafsparvar. Vazifaparvari ta`limga va jihodga diqqat etardi, qorin va tirikchilik tashvishini hech o’ylamasdi. Chunki, uni to’ydirish va jihozlarini berish, bemor bo’lsa davolash, hatto ehtiyojiga ko’ra luqmani og’ziga solib qo’yishga qadar yumushlar davlatning vazifasi, uning asl vazifasi esa ta`lim va jihod ekanini u anglab yetgandi. Faqat ba`zan ovqatini pishirish va tayyorlash ishlarini bajarardi: qozon qaynatar, idishlarni yuvar, keltirar edi.
Undan: "Nima qilmoqdasan?" deb so’ralsa:
"Davlatga xolis ishlab bermoqdaman," der. "Maosh uchun ishlamoqdaman," deb aytmas.
Shikamparvar va ajamiy askar esa, ta`limga va harbga diqqat qilmasdi, "U davlat ishi, menga nima," derdi. Doim maoshini o’ylab, uning peshidan yurib, qismni tark etar, bozorga ketar, savdo-sotiq bilan shug’ullanar edi. Bir kuni ta`lim ko’rgan hamrohi unga dedi:
— Birodar, asl vazifang ta`lim va jang qilishdir. Sen shu ish uchun bu yerga keltirilgansan. Podshohga ishon. U seni och qo’ymas. Bu Uning vazifasidir. Ham yana, sen ojiz va faqirsan, har yerda o’zingni to’ydirolmaysan. Ham yana, hozir mujohada va safarbarlik zamonidir. Buning ustiga seni osiy deb jazolaydilar.
Ha, oldimizda ikki xil vazifa ko’rinmoqda.
Biri Podshohning vazifasi. Ba`zan biz Uning maoshsiz ishida ham ishlaymiz, u esa bizning qornimizni to’ydiradi.
Boshqasi bizning vazifamizki, ta`lim va harbdan iboratdir. Podshoh esa ishimizni qulaylashtirib bizga yordam beradi."
Ajabo, u bebosh askar bu mujohid ta`lim ko’rgan askarning so’zlariga quloq solmasa, naqadar tahlikada qolganini anglab yetasan!
Аудио мавжуд эмас