So’zlar | uchinchi so’z | 13
(13-14)
UCHINCHI SO’Z

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

يَا اَيُّهَا النَّاسُ اعْبُدُوا

Ibodat naqadar buyuk bir tijorat va saodat ekanini, fisq va safohat esa naqadar buyuk bir ziyon va halokat ekanini anglamoq istasang, bu misoliy hikoyachaga boq, tingla!
Bir vaqt ikki askar uzoq bir shaharga bormoq uchun amr oladilar. Yo’llari ikkiga ayrilgunga qadar birga ketadilar. Yo’lda bir odam duch kelib, ularga deydi: "Bu o’ngdagi yo’lning hech zarari yo’qligi bilan birga, unda ketgan yo’lovchilarning o’ndan to’qqizi buyuk foyda va rohat ko’radi. So’ldagi yo’lning esa manfaati yo’qligi bilan birga, o’nta yo’lovchisidan to’qqizi zarar ko’radi. Uzun-qisqalikda ikki yo’l ham birdir. Faqat bitta farqi borki, intizomsiz, boshqaruvsiz bo’lgan so’l tarafning yo’lovchisi yuksiz va qurolsiz ketadi. Zohiran bir yengillik, yolg’onchi bir rohat ko’radi. Askariy intizom sobit bo’lgan o’ng tarafning yo’lovchisi esa, oziq-ovqatga to’la to’rt o’qqalik bir jomadon va har qanday dushmanni yakson va mag’lub etadigan ikki o’qqalik bir mukammal miriy qurolni tashimoqqa majbur..." U ikki askar, ul muarrif odamning so’zini tinglaganlaridan so’ng, bu baxtiyor askar o’ngga qarab ketadi. Bir botmon og’irlikni yelkasiga va beliga yuklaydi, lekin qalbi va ruhi minglab botmon minnatlardan va qo’rquvlardan xalos bo’ladi. Boyagi badbaxt nafar esa askarlikni tashlab, nizomga tobe bo’lmoqni istamaydi va so’l tarafdan ketadi. Jismi bir botmon og’irlikdan qutuladi, lekin qalbi minglab botmon minnatlar va ruhi hadsiz qo’rquvlar ichida eziladi. Ham har kimga tilanchi, ham har narsadan, har hodisadan titraydigan bir vaziyatda ketadi. Manzili maqsudiga yetganda esa, u yerda osiy va qochoq jazosini tortadi.
Askarlik nizomini sevgan, jomadon va qurolini saqlab qolgan va o’ng tarafga ketgan askar esa, hech kimning minnatiga qolmay va hech kimdan xavfsiramay, qalb va vijdon rohati ila kezadi. To ko’zlagan shahriga yetib borganda, u yerda vazifasini go’zal ado etgan bir nomusli askarga munosib mukofotga sazovor bo’ladi.
Аудио мавжуд эмас