So’zlar | ikkinchi so’z | 12
(11-12)
Shundan so’ng bu badbaxtning esi joyiga kelib, nadomat qiladi: "Ha, men ishratdan telba bo’lgan edim. Alloh sendan rozi bo’lsinkim, jahannamiy bir holatdan meni qutqarding",- deydi.
Ey nafsim! Bilki, avvalgi odam kofirdir. Yoki fosiqu g’ofildir. Bu dunyo uning nazarida, bir umumiy motamxonadir. Butun jonli hayot firoq va zavol tepkisidan yig’lagan yetimlardir. Hayvon va insonlar esa, ajal panjasi ila parchalangan g’arib, qarovsiz maxluqlardir. Tog’lar va dengizlar kabi ulkan mavjudot uningcha ruhsiz, mudhish, janozalar hukmidadir. Kufridan va zalolatidan yana buning kabi ko’p alamli, ezuvchi, dahshatli vahimalar paydo bo’lib, uni ma`nan azoblaydi.
Ikkinchi odam esa mo’`mindir. Yaratgan Egasini taniydi va tan oladi. Uning nazarida, bu dunyo — Rahmonning bir zikrxonasi, bashariyat va hayvonotning bir ta`limgohi, hamda insu jinlarning bir imtihon maydonidir. Butun hayvonlaru insonlarning vafotlari esa ozod etilishdir. Hayot xizmatini o’tab bo’lganlar bu fano uyidan ma`nan masrurona, tashvishsiz bo’lgan boshqa bir olamga ketadilar. Toki, yangi vazifadorlarga joy bo’shasin, kelib ishlasinlar. Butun hayvonotu insonlarning tavalludlari askarlikka chaqirilish, qurol ostiga, vazifa boshiga kelishdir. Butun jonzot, uning nazarida, xizmatdagi masrur askarlar, rostgo’y, mamnun ma`murlardir. Butun sadolar esa vazifa boshlanmasdan avvalgi zikr, tasbeh va tanaffusdan kelgan shukr va sevinch yoki ishlamoq shavqidan vujudga kelgan nag’malardir. Butun mavjudot, u mo’`minning nazarida, Sayyidi Kariymning va Maliki Rahiymning munis xizmatkorlari, ma`mur do’stlari, shirin kitoblaridir. Yana buning kabi juda ko’p latif, ma`nan yuksak, laziz haqiqatlar iymonidan porlab chiqadi, ko’rinadi.
Demak, iymon o’zida ma`naviy bir Tuboi Jannat danagini tashiydi. Kufr esa ma`naviy bir Zaqqumi Jahannam urug’ini saqlaydi.
Demak, salomat va xotirjamlik faqat Islomiyatda va iymondadir.Bas, shunday ekan, biz doimo

اَلْحَمْدُ لِلّهِ عَلَى دِينِ اْلاِسْلاَمِ وَ كَمَالِ اْلاِيمَانِ demog’imiz lozim.
Аудио мавжуд эмас