* Yana, Suroqoga bashorat qilganki: كَيْفَ بِكَ اِذَا اُلْبِسْتَ سُوَارَىْ كِسْرَى Ya`ni, "Kisroning (Eron shohining) ikki bilaguzugini taqasan!" degan. Hazrati Umar zamonida kisro mahv etildi va ziynatli va shohona bilaguzuklari keldi. Hazrati Umar Suroqoga taqdi.
اَلْحَمْدُ لِلّهِ الَّذِى سَلَبَهُمَا كِسْرَى وَاَلْبَسَهُمَا سُرَاقَةَ deya, Payg’ambarimizning xabarini tasdiqladi.
* Yana, bashorat qilganki: اِذَا ذَهَبَ كِسْرَى فَلاَ كِسْرَى بَعْدَهُ Ya`ni, "Fors kisrosi (shohi) o’tgandan so’ng boshqa kisro chiqmaydi!" deya xabar bergan va shunday bo’lgan.
* Yana, kisroning elchisiga degan: "Shu onda kisroning o’g’li Shirviya o’z otasi Parvizni o’ldirdi." So’ngra u elchi aniqlab, ayni aytilgan vaqtda shu ish bo’lganini bilgan. Shu bilan u ham musulmon bo’lgan. Ba`zi hadislarga ko’ra, ul elchining ismi Feruz edi.
* Yana, qat`iyan sahih rivoyatga ko’ra, Xotib ibni Baltaoning yashirin tarzda Qurayshiylarga yuborgan maktubidan xabar bergan. Hazrati Ali bilan Miqdodni yuborgan. "Falon joyda bir shaxsda shunday bir maktub bor, olib keltiringiz!" Borganlar, ayni aytilgan yerdan ayni maktubni keltirganlar. Xotibni chaqirtirib, "Nima uchun bunday qilding?" degan. U esa uzr so’ragan. Uzrini qabul etgan.
* Yana, sahih rivoyatga ko’ra, Utba ibni Abu Lahab haqida bashorat qilib:
يَاْكُلُهُ كَلبُ اللّهِ deya, Utbaning fojiyaviy oqibatidan xabar bergan. So’ngra, Yaman tarafiga ketayotganda bir arslon kelib uni egan. Payg’ambar Alayhissalotu Vassalomning ham badduosini, ham xabarini tasdiqlagan.
* Yana, sahih rivoyatga ko’ra, Makkani fath qilish vaqtida Hazrati Biloli Habashiy Ka`ba tomiga chiqib azon o’qigan. Quraysh raislaridan Abu Sufyon, Attob ibni Asid va Xoris ibni Hishom o’tirib suhbatlashdilar. Attob dedi: "Padarim Asid baxtiyor ekanki, bu kunni ko’rmadi." Xoris dedi: "Muhammad muazzinlikka bu qora qarg’adan boshqa odam topolmabtimi?" Hazrati Biloli Habashiyni haqoratladi. Abu Sufyon dedi: "Men bir narsa deyishga qo’rqaman. Hech kimsa bo’lmasa ham, shu Bathaning toshlari Unga xabar beradi, U bilib oladi." Haqiqatdan bir ozdan so’ngra Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalom ularga duch keldi. Harfma-harf suhbatlarini gapirib berdi. O’sha ondayoq Attob bilan Xoris shahodat keltirdilar, musulmon bo’ldilar.