mektubot | O’n to’qqizinchi Maktub | 33
(1-103)

Mana shu mo’`jizai bohirai Ahmadiya (A.S.M.) ma`nan mutavotirdir. Chunki, Hazrati Jobir shu ish ustida bo’lgani uchun birinchi so’z uning haqqidir. U barchaning nomidan e`lon qilmoqda. Chunki, o’sha vaqt xizmat qilgan ul zot edi. E`lon qilish avvalo uning haqqidir.

Ibni Mas`ud ham ayni rivoyatida deydiki: "Men ko’rdimki, Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomning barmoqlaridan chashma kabi suv oqardi."

Ajabo, siddiq sahobalarning mashhurlaridan bo’lmish Anas, Jobir, Ibni Mas`ud kabi bir jamoat "Men ko’rdim" desa, bo’lmasligi mumkinmi? Endi shu uch misolni birlashtir, naqadar quvvatli ochiq bir mo’`jiza ekanini ko’r. Shu uch silsila birlashsa, haqiqiy tavotur hukmida, barmoqlardan suv oqish mo’`jizasini qat`iy isbotlaydi.

Hazrati Muso Alayhissalom toshning o’n ikki joyidan chashma kabi suv oqizishi, Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomning o’n barmog’idan o’n jo’mrak suv oqqanining darajasiga chiqolmaydi. Chunki, toshdan suv oqishi mumkin bo’lib, oddiy hodisalar ichida o’xshashini ko’rsa bo’ladi. Ammo et va suyakdan obi kavsar kabi juda ko’p suv oqishining o’xshashi oddiy hodisalar ichida yo’qdir.

* To’rtinchi Misol: Boshda Imomi Molik "Muvatta" nomli mo’`tabar kitobida, Muoz ibni Jabaldek mashhur sahobadan xabar beradiki, Hazrati Muoz ibni Jabal dedi: "G’azvai Tabukda (Tabuk jangida) bir chashmaga duch keldik. U ingichka arqondek bo’lib, zo’rg’a chiqardi. Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalom: "Suvdan ozgina to’plangiz," deya amr qildi. Hovuchlarida olib ozgina to’pladilar. Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalom u bilan qo’lini yuzini chayqadi. Biz u suvni chashmaga quydik. Birdan chashmaning og’zi ochilib ko’payib oqdi. Butun qo’shinga yetdi." Hatto, yana bir roviy Imomi Ibni Ishoq deydiki: "U chashmaning suvi tuproq ostidan momaqaldiroqdek gurillab chiqdi." Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalom Hazrati Muozga farmon berdiki:

 يُوشِكُ يَا مُعَاذُ اِنْ طَالَتْ بِكَ حَيَاةٌ اَنْ تَرَى مَا ههُنَا قَدْ مُلِئَ جِنَانًا Ya`ni, "Mo’`jiza asari bo’lgan bu muborak suv davom etib, bu yerlarni bog’ga aylantiradi, umring yetsa ko’rasan." Va shunday ham bo’lgan.

* Beshinchi Misol: Boshda Buxoriy Hazrati Barodan va Muslim Hazrati Salamat ibni Aqvodan va boshqa sahih kitoblar boshqa roviylardan ittifoqan xabar beradilarki: "G’azvai Hudaybiyada bir quduqqa duch keldik. Biz to’rt yuz kishi edik. U quduqning suvi ellik kishiga arang yetardi. Biz suvni tortib olib, quduqda hecham qoldirmadik. Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalom kelib, quduqning boshiga o’tirdi. Bir chelak suv so’radi; keltirdik. Chelakning ichiga muborak og’zining suvini soldi va duo qildi. So’ngra u chelakni quduqqa to’kdi. Birdan quduq jo’shib, qaynab, og’zigacha to’lib chiqdi. Butun qo’shin, ham o’zlari, ham hayvonlari to’yguncha ichdilar, idishlarini ham to’ldirib oldilar."

Аудио мавжуд эмас