mektubot | O’n to’qqizinchi Maktub | 7
(1-103)

Biri, "Sukutiy"dir. Ya`ni, sukut bilan maqbulligi bildirilgan. Masalan, bir odam bir jamoat orasida, o’sha jamoat guvohi bo’lgan bir xodisadan xabar bersa, jamoat uni yolg’on demay sukut bilan qarshilasa, qabul qilingan kabi bo’ladi. Xususan, xabar qilgan hodisada jamoat ham u bilan aloqador bo’lsa, hamda tanqid qilishga tayyor turgan va xatoni qabul etmaydigan va yolg’onni juda yomon ko’radigan bir jamoat bo’lsa, albatta ularning sukuti o’sha hodisaning ro’y berganiga kuchli dalil bo’ladi.

Ikkinchi qism ma`naviy tavotur shundayki, bir voqeada, masalan, "Bir kosa taom ikki Yuz odamni to’ydirgan," deyilgan. Ammo undan xabar berganlar xilma-xil suratda xabar beradi – biri bir tarzda, biri boshqa bir suratda, boshqasi Yana boshqa bir shaklda bayon etadi. Lekin hammasi, ayni hodisaning ro’y berganiga ittifoqdirlar. Xullas, hodisaning mutlaq ro’y bergani mutavotiri bil-ma`nodir (ma`nosi jihatidan rostdir), qat`iydir. Suratidagi (jumlasidagi) ixtilof (xilma-xillik) esa zarar bermaydi. Yana ba`zan bo’ladiki, Xabari Vohid (bir kishidan rivoyat qilingan hadis) ba`zi sharoit ichida tavotur kabi qat`iyligini ifodalaydi. Yana ba`zan bo’ladiki, Xabari Vohid tashqi alomatlari bilan ham qat`iyligini ifodalaydi.

Xullas, Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomdan bizga naql qilingan mo’`jizalari va payg’ambarlik dalillarining katta qismi tavotur darajasida bo’lib, yo sarihiy, yo ma`naviy, yo sukutiydir. Va bir qismi garchi "Xabari vohid" bo’lsa-da, biroq o’sha sharoit ichida, hadisning asl yo sohtaligini farqlay olgan muhaddislarning nazarida maqbul bo’lgan bo’lsa, tavotur kabi qat`iyatni ifodalashi lozim bo’ladi. Ha, muhaddislarning muhaqqiqlaridan "Alhofiz" deb ta`birlangan zotlar, laoqal (kamida) Yuz ming hadisni yod olgan minglab muhaqqiq muhaddislar, ham ellik yil bomdad nomozini xufton tahorati bilan o’qigan muttaqiy muhaddislar va boshda Buxoriy va Muslim o’laroq Kutubi Sittai Hadisiya sohiblari bo’lmish ilmi hadis dohiylari, allomalari tashih va qabul etgan "xabari vohid", tavotur qat`iyatidan qolishmaydi.

Ha, hadis ilmining muhaqqiqlari, naqqodlari (aslni sohtadan farqlovchilar) shu daraja hadis ila xususiyat paydo etanlarki, Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomning ifoda tarziga va oliy uslubiga va ifoda suratiga unsiyat (oshnolik) hosil qilib malaka kasb etganlarki, Yuz hadis ichida bir mavzu ko’rsa, "Mavzudir" degan. "Bu hadis emas va Payg’ambarning so’zi emas," degan; rad qilgan. Sarrof (olmos bilan shug’ullanuvchi) kabi hadisning gavharini tanigan, boshqa so’zlarni u bilan adashtirmagan. Faqat, Ibni Javziy kabi ba`zi muhaqqiqlar, tanqidda haddan oshib, ba`zi sahih hadislarga ham "Mavzu" deganlar. Lekin bu, "Har bir mavzu deyilgan jumlaning ma`nosi yanglishdir," degani emas, balki "Bu jumla hadis emas," deganidir.

Savol: An`anali sanad (Ya`ni, kim-kimdan rivoyat qilinganini sanab o’tish)ning nima foydasi borki, keraksiz o’rinda, ma`lum bo’lgan voqeada, "an filon, an filon, an filon" (falonchi- falonchidan...) deydilar?

Аудио мавжуд эмас