So’zlar | to’rtinchi so’z | 15
(15-16)
TO’RTINCHI SO’Z

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

اَلصَّلاَةُ عِمَادُ الدِّينِ

Namoz naqadar qiymatli va muhimligini, ham naqadar arzon va oz bir sarfiyot ila qozonilishini, hamda benamoz odam naqadar telba va zararli ekanini ikki karra ikki to’rt ekanligini bilish darajasida qat`iy anglamoq istasang, bu misoliy hikoyachaga boq, ko’r:
Bir zamon bir buyuk hokim ikki xizmatkorini har biriga yigirma to’rttadan oltin berib, ikki oylik masofa uzoqligidagi xos va go’zal bir go’shaga istiqomat qilishlari uchun yuboradi. Va ularga amr etadi: "Bu pulni yo’l va chipta xarajatiga ishlating. Hamda u yerdagi maskaningizga lozim bo’lgan narsalarni sotib oling. Bir kunlik masofadan so’ng bir bekat keladi. Ham mashina, ham kema, ham poyezd, ham tayyora bor. Sarmoyangizga qarab mining".
Ikki xizmatkor dars olganlaridan so’ng yo’lga ravona bo’ladilar.
Biri baxtiyor ediki, bekatga yetgunga qadar bir oltin sarflaydi va shu sarf ichida hokimiga yoqadigan shunday go’zal bir tijoratni qo’lga kiritadiki, sarmoyasi birdan mingga chiqadi.
Ikkinchi xizmatkor badbaxt, betayin bo’lganidan, bekatga qadar yigirma uch oltinini sarflab yuboradi. Qimor-mimorga berib, sarmoyasi zoye ketadi va nihoyat bir dona oltini qoladi. Hamrohi unga deydi: "Ey, sen bu oltiningni bir chiptaga ber, toki bu uzun yo’lda yayov va och qolmagaysan. Ham bizning hokimimiz karamli, balki rahm qilar, qilgan qusuringni afv etar va seni tayyoraga mindirarlar. Bir kunda istiqomat qiladigan maskanimizga yetamiz. Yo’qsa, ikki oylik bir cho’lda och, yayov, yolg’iz ketmoqqa majbur bo’lasan".
Ajabo, bu odam qaysarlik qilib, u bir oltinini xazina kaliti hukmida bo’lgan bir chiptaga bermay, vaqtinchalik bir lazzat uchun kayfu-safoga sarf etsa, g’oyat aqlsiz, zararli, badbaxt ekanini eng aqlsiz odam ham anglamasmi?!
Xullas, ey benamoz odam! Va ey namozdan xushlanmagan nafsim!
Ul hokim — Rabbimiz, Xoliqimizdir.
Uning xizmatkori bo’lgan ul ikki yo’lchi esa, biri — namozini shavq ila ado etuvchi dindor musulmon; ikkinchisi — g’ofil, benamoz insondir.
Аудио мавжуд эмас