So’zlar | birinchi so’z | 2
(1-10)
Mana shunday bir sayohat uchun ikki odam sahroga chiqadilar. Ulardan biri mutavoze, ikkinchisi esa mag’rur edi. Mutavoze bo’lgani bir raisning ismini oldi. Mag’rur esa olmadi... Mutavoze har yerda salomatlik ila kezdi. Biron yo’lto’sarga duch kelganda, "Men falon raisning nomi ila kezmoqdaman" desa, qaroqchi daf bo’lar, unga tegmas, biron chodirga kirsa, u nom ila hurmat ko’rar edi. Mag’rur esa butun sayohati davomida shunday balolarga yo’liqar ediki, aslo ta`riflab bo’lmas. Doimo titrar, doimo tilanchilik qilar edi. Ham xor, ham razil bo’ldi.
Xullas, ey mag’rur nafsim! Sen ul sayyohsan. Bu dunyo esa bir cho’ldir. Ojizliging va faqirliging cheksizdir. Dushmaning, hojating benihoyatdir. Modomiki shunday ekan, bu sahroning Abadiy Maliki va Azaliy Hokimining ismini ol. Toki, butun koinot oldida tilanchilik qilishdan va har qanday hodisa qarshisida titrashdan qutulasan.
Ha, bu kalima shunday muborak bir xazinadirki, sening benihoyat ojizliging va faqirliging seni nihoyatsiz qudratga va rahmatga bog’lab, Qodiyri Rahiymning dargohida ojizlikni, faqirlikni eng maqbul bir shafoatchi qiladi. Ha, bu kalima ila harakat etmoq askarlikka olingan shunday bir odamga o’xshaydiki, u odam Davlat nomidan harakat etadi, hech kimga parvo qilmaydi, qonun nomidan, davlat nomidan deydi va shuning uchun har ishni bitirib, har narsaga qarshi tura oladi.
So’zimizning avvalida: "Butun mavjudot holati bilan "Bismilloh" deydi", degan edik. Shundaymi?
Ha. Ko’rsangki, yolg’iz bir odam keldi va butun shahar aholisini majburan bir yerga jalb etib, majburan ishlarda ishlattirdi. Hech shubhasiz bilasanki, bu odam o’z nomi ila, o’z quvvati ila harakat etmayotir, balki u davlat nomidan harakat etayotgan bir askardir. Va bir podshohning quvvatiga tayanadi.
Xuddi shuningdek, har narsa Janobi Haqning nomi bilan harakat etadi. Zarradek urug’lar va danaklar o’z ustida ulkan daraxtlarni, tog’dek yuklarni ko’tarib turadi. Demak, har bir daraxt "Bismilloh" deydi; Rahmat Xazinasining mevalaridan qo’llarini to’ldirib, bizlarga tutadi, vositachi savdogar vazifasini o’taydi. Har bir bo’ston "Bismilloh" deydi: Qudrat oshxonasining bir qozoni bo’lib, ul qozon ichida turli-tuman juda ko’p muxtalif lazzatli taomlar baravariga pishiriladi. Har bir sigir, tuya, qo’y, echki kabi muborak hayvonlar "Bismilloh" deydi; Rahmatning fayzidan bir sut chashmasi bo’ladi. Bizlarga Razzoq nomi ila eng latif, eng pok, obi hayot kabi bir rizqni taqdim etadi. Har bir o’simlik, daraxt va o’tlarning ipak kabi mayin ildiz va tomirlari "Bismilloh" deydi, qattiq tosh va tuproqlarni yorib o’tadi. Alloh nomi ila, Rahmon nomi ila deydi, har narsa unga tobe bo’ladi.
Аудио мавжуд эмас