So’zlar | sakkizinchi so’z | 29
(27-31)
Shu sababdan bunday o’yladi: "Bu ajib ishlar bir-biriga bog’liq. Hamda bir amr ila harakat etayotganga o’xshaydi. Shunday ekan, bu ishlarda bir sir bor. Ha, bular bir yashirin Hokimning amri ila bo’layotir. Bas shunday ekan, men yolg’iz emasman. U yashirin Hokim menga boqmoqda, meni sinamoqda, bir maqsad uchun meni bir yerga jalb qilib, da`vat etmoqda".
Bu totli qo’rquv va go’zal fikrdan bir qiziqish paydo bo’ldiki: "Ajabo, meni sinab o’zini menga tanitmoq istagan va bu ajib yo’l bilan bir maqsadga jalb etayotgan kim ekan?"
So’ngra tanimoq istagidan unda sir sohibiga nisbatan muhabbat paydo bo’ldi. Va bu muhabbatdan sirni ochmoq orzusi tug’ildi. Va u orzudan sir sohibini rozi qiladigan va unga yoqadigan bir go’zal vaziyat olish maqsadi tug’ildi.
So’ngra daraxtning tepasiga qaradi. Ko’rdiki, anjir daraxti. Ammo tepasida ming xil daraxtning mevalari bor edi. Shundan keyin butunlay qo’rquvi yo’qoldi. Chunki, qat`iyan angladiki, bu anjir daraxti bir ro’yxat, bir mundarija, bir ko’rgazma ekan! Ul mahfiy Hokim o’zining bog’ va bo’stonidagi mevalarning namunalarini bir tilsim va bir mo’`jiza qilib o’sha daraxtga osgan va o’z mehmonlari uchun tayyorlagan taomlariga birma-bir ishora tarzida o’sha daraxtni ziynatlagan bo’lsa kerak. Aks holda, bir tup daraxt minglab xildagi daraxtlarning mevasini bermasdi.
So’ngra, tilsimning kaliti unga ilhom qilinishi uchun yolvorishga tushdi. Baqirib dediki:
"Ey bu yerlarning Hokimi! Sening qaramog’ingga tushdim. Senga mansub bo’ldim va senga xizmatkorman. Va sening roziligingni istayman. Va seni izlamoqdaman."
Va bu niyozdan so’ngra birdan quduqning devori yorilib, shohona, toza va go’zal bir bog’ tomon eshik ochildi. Balki ajdarho og’zi o’sha eshikka aylandi. Va arslon va ajdarho, ikki xizmatkor suratiga kirdilar. Va uni ichkariga da`vat etishardi. Hatto arslon unga bo’ysungan bir ot shakliga kirdi.
Xullas ey tanbal nafsim! Va ey xayoliy do’stim!
Keling, bu ikki do’stning vaziyatini solishtirib ko’raylik. Toki, yaxshilik yaxshilik keltirishini va yomonlik yomonlik keltirishini ko’raylik, bilaylik.
Boqing, so’l yo’lning badbaxt yo’lchisi har vaqt ajdarhoning og’ziga tushishdan xavfsiraydi, titraydi.
Bu baxtiyor yo’lchi esa mevador va ravnaqdor bir bo’stonga da`vat qilinadi.
Hamda u badbaxt odamning alamli bir dahshat va katta bir qo’rquv ichida qalbi parchalanadi.
Bu baxtiyor odam esa, laziz bir ibrat, totli bir xavf, yoqimli bir ma`rifat ichida g’aroyib narsalarni sayr va tomosha qiladi.
Hamda u badbaxt odam vahshat va ma`yuslik va yolg’izlik ichida azob chekadi.
Bu baxtiyor odam esa, unsiyat va umid va ishtiyoq ichida lazzat oladi.
Hamda u badbaxt odam o’zini vahshiy yirtqichlarning hujumiga duchor bo’lgan bir mahbus hukmida ko’radi.
Аудио мавжуд эмас