So’zlar | o’ninchi so’z | 38
(38-89)
O’NINCHI SO’Z
Hashr Bahsi
Hashr Bahsi
ESLATMA:Ushbu risolada o’xshatish va misollarni hikoyalar shaklida yozganimning boisi - uni osonlashtirmoq va Islom haqiqatlari naqadar ma`qul, mutanosib, quvvatli, mutasonid ekanini ko’rsatmoqchi bo’ldim. Hikoyalarning ma`nolari oxirlaridagi haqiqatlardir. Kinoyalar navidan yolg’iz ularga dalolat qilarlar. Demak, ular xayoliy hikoyalar emas, to’g’ri haqiqatlardir.
بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ
فَانْظُرْ اِلَى آثَارِ رَحْمَتِ اللّهِ كَيْفَ يُحْيِى اْلاَرْضَ بَعْدَ مَوْتِهَا اِنَّ ذلِكَ لَمُحْيِى الْمَوْتَى وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
فَانْظُرْ اِلَى آثَارِ رَحْمَتِ اللّهِ كَيْفَ يُحْيِى اْلاَرْضَ بَعْدَ مَوْتِهَا اِنَّ ذلِكَ لَمُحْيِى الْمَوْتَى وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
Birodar, hashr va oxiratning oddiy va avom tili ila hamda ochiq bir tarzda bayonini istasang, unda nafsimga qo’shilib ushbu misoliy hikoyachaga boq, tingla:
Bir zamonlar ikki odam Jannat kabi go’zal bir mamlakatga (shu dunyoga ishoradir) yo’l oladilar. Qarasalar, hamma uy, xona, do’kon eshiklari ochiq, hech kim ularning muhofazasiga diqqat qilmayotir. Mol va pul ochiqlikda, sohibsiz. U musofirlardan biri xohlagan narsasiga qo’lini uzatib yo o’g’irlamoqda, yo boshqalarning molini zo’ravonlik ila olmoqda. Havasiga tobe bo’lib har turli zulmni, safohatni qilmoqda. Aholi ham unga ko’p tegilmayotir. Shunda hamrohi unga dediki:
- Nima qilmoqdasan? Jazo olasan, meni ham baloga qo’yasan. Bu mollar davlat molidir. Bu aholi bola-chaqasi ila yo askarlik ila mashg’ul, yoki zimmalariga vazifa yuklangan ma`murlardir. Kiyimlarini o’zgartirgan askar sifatida ular shu ishlarda ishlattirilmoqdalar. Shuning uchun senga ko’p e`tibor qilmayotirlar. Ammo intizom qattiqdir. Har yerda podshohning telefoni bor va ma`murlari hozir. Tezda borib, omonlik tila, - dedi. Lekin u betayin o’jarlik qilib, dedi:
- Yo’q, bular davlat moli emas, balki vaqf molidir, egasizdir. Har kim xohlaganicha sarf eta olar. Bu go’zal narsalardan foydalanishni man qiladigan hech qanday sabab ko’rmayotirman. Ko’zim bilan ko’rmaguncha ishonmasman, - dedi va faylasuflarga o’xshab ko’p safsata sotdi.
Аудио мавжуд эмас