So’zlar | o’ninchi so’z | 40
(38-89)
IKKINCHI SURAT:
Mana bu holatlarga, ijrootga boq! Eng faqir, eng zaifdan tortib harkasga nuqsonsiz, mukammal rizq berilmoqda. Hech kimsiz xastalar qanday go’zal parvarishlanmoqda. Ham g’oyatda qiymatli va shohona taomlar, idishlar, bezakli nishonlar, ziynatli liboslar, muhtasham ziyofatlar bordir. Boq, sen kabi ahmoqlardan boshqa hamma o’z vazifasiga g’oyatda diqqat qilmoqda. Hech kim haddidan zarracha oshmas. Eng katta shaxs eng katta itoat ila kamtarinona bir xavf va haybat ostida xizmat qilmoqda. Demak, bu saltanat sohibining juda buyuk bir karami, juda cheksiz bir marhamati bor. Ham g’oyat buyuk izzati, g’oyat jalolli bir haysiyati, nomusi bordir. Holbuki, karam in`om etishni istar. Marhamat esa ehsonsiz bo’lolmas. Izzat esa g’ayrat istar. Haysiyat va nomus esa adabsizlarning adabini berishni istar. Holbuki, bu mamlakatda u marhamat, u nomusga loyiq ishlarning mingdan biri ham qilinmayotir. Zolim izzatida, mazlum zillatida qolib bu yerdan ko’chib ketmoqdalar.
Demak, bir Mahkama-i Kubroga qoldirilmoqda.

UCHINCHI SURAT:
Boq, naqadar oliy bir hikmat, bir intizom ila ishlar ketmoqda. Ham qanday haqiqiy bir adolat, bir mezon ila muomalalar qilinmoqda. Holbuki hukumatning hikmati saltanatning himoya qanotlariga iltijo etgan multajiylarning iltifotini istar. Adolat esa hukumatning haysiyati, saltanatning hashamatini muhofaza etilishi uchun raiyat huquqining muhofazasini istar.
Holbuki, bu yerlarda u hikmatga, u adolatga loyiq hukmlarning mingdan biri ham ijro qilinmayotir. Sen kabi ahmoqlarning ko’pi tegishli jazosini olmasdan bu dunyodan ko’chib ketmoqdalar.
Demak, bir Mahkama-i Kubroga qoldirilmoqda...

TO’RTINCHI SURAT:
Boq, son-sanoqsiz bu ko’rgazmalarda namoyon bo’lgan mislsiz javharlar, bu dasturxonlardagi benazir taomlar bu yerlarning podshohi cheksiz bir saxovatga va hisobsiz mo’l xazinalarga ega ekanini ko’rsatar. Holbuki bunday bir saxovat va bitmas xazinalar doimiy va ko’ngildagi hamma narsa muhayyo bo’lgan bir ziyofatgoh bo’lishini taqozo etar. Ham istarki, ul ziyofatdan lazzat olganlar u yerda bardavom qolsinlar. Toki zavol va firoq bilan alam chekmasinlar. Chunki, alamning zavoli lazzat bo’lgani kabi, lazzatning zavoli ham alamdir. Bu ko’rgazmalarga boq! Va bu e`lonlarga diqqat qil! Va bu dalolat etguvchilarga quloq solki, ular mo’jizakor bir podshohning antiqa san`atlarini tashkil va namoyon etmoqdalar. Kamolotini ko’rsatmoqdalar. Mislsiz ma`naviy jamolini bayon etmoqdalar. Maxfiy husnining latifalaridan bahs etmoqdalar. Demak, Uning juda muhim hayrat beruvchi kamoloti va ma`naviy jamoli bordir.
Аудио мавжуд эмас