So’zlar | o’ninchi so’z | 39
(38-89)
Ikkisi orasida jiddiy bir munozara boshlandi. Avval u betayin dedi:
- Podshoh kimdir? Tanimayman. So’ng hamrohi unga javoban dediki:
Bir qishloq hokimsiz bo’lmas. Bir igna ustasiz bo’lmas, sohibsiz bo’lolmas. Bir harf kotibsiz bo’lolmas, bilasan. Shunday ekan, bag’oyat darajada muntazam bu mamlakat qanday qilib hokimsiz bo’lar? Va bu qadar ko’p boylikki, har soatda bir poyezd(Izoh) g’aybdan kelar kabi qiymatdor, san`atli mollar ila to’la kelar. Bu yerga bo’shatar ketar. Qanday sohibsiz bo’lar? Har yerda ko’rinayotgan e`lonnomalar va bayonnomalar va har mol ustidagi imzo va muhrlar, tamg’alar hamda har burchakda hilpirayotgan bayroqlar qanday qilib sohibsiz bo’lar? Anglashilmoqdaki, sen bir qism farangi o’qigansan, ammo Islom yozuvlarini o’qiyolmayotirsan. Boz ustiga, bilgandan ham so’ramayotirsan. Qani, kel, senga eng buyuk Farmonni o’qib berayin.
U betayin o’girilib dedi:
- Xo’p, mayli, podshoh bor. Lekin mening bu narsalardan qisman foydalanishim unga qanday zarar bera olar, xazinasidan nima yo’qotar? Ham bu yerda qamoq-mamoq yo’qdir, jazo ko’rinmayotir.
Hamrohi unga javoban dedi:
- Eshit, ko’rinib turgan bu mamlakat bir mashq maydonidir. Ham Sultonning g’aroyib san`atlarini namoyish etadigan joyidir. Ham vaqtinchalik asossiz musofirxonalaridir. Ko’rmayotirsanmiki, har kuni bir to’dasi kelmoqda, boshqasi ketmoqda, g’oyib bo’lmoqda. Doimo to’lib bo’shamoqda. Bir zamon so’ngra shu mamlakat almashtirilajak. Bu aholi boshqa va doimiy bir mamlakatga yuborilajak. U yerda har kim xizmatiga muqobil yo jazo, yo mukofot olajakdir, - dedi.
Yana, u xoin ahmoq rad etib:
-Ishonmayman. Hech mumkinmidirki, bu mamlakat xarob etilsin. Boshqa bir mamlakatga ko’chirilsin? - dedi. Bunga javoban amin hamrohi dedi:
- Modomiki bu qadar qaysarlik va qarshilik etmoqdasan, kel, son-sanoqsiz dalillarga to’la "O’n Ikki Surat" yordamida senga bir Mahkama-i Kubro mavjudligini, bir mukofot va ehson uyi va bir jazo va zindon uyi borligini, bu mamlakat har kuni bir me`yor bo’shab turganidek, bir kun kelib butunlay bo’shatilib, xarob etilajagini ko’rsatayin.

BIRINCHI SURAT:
Hech mumkinmidirki, bir saltanatning, xususan, bunday muhtasham bir saltanatning go’zal xizmat qilgan mutelarga mukofoti va isyon qilganlarga jazosi bo’lmasin?! Mukofot va jazolar bu yerda yo’q hukmidadir, demak, boshqa yerda bir Mahkama-i Kubro bordir.
Аудио мавжуд эмас