So’zlar | yigirma birinchi so’z | 193
(186-193)
Kufrni xayolga keltirish kufr bo’lmagani kabi, kufr deb gumon qilish ham kufr emas. Zalolatni tasavvur qilish zalolat bo’lmagani kabi, zalolatni tafakkur qilish ham zalolat emas. Chunki xayolga keltirish ham, gumon qilish ham, tasavvur qilish ham, tafakkur qilish ham aqliy tasdiqdan va qalban ishonishdan ayridir, boshqadirlar. Ular bir daraja erkindirlar. Juz`iy ixtiyorni ko’pincha tinglamaydilar. Ko’pincha diniy majburiyat ostiga kirolmaydilar. Tasdiq va ishonch esa unday emas. Bir mezonga tobedirlar. Ham yana hayol, vahima, tasavvur, tafakkur kabi xislatlar tasdiq va ishonch bo’lmaganidek, shubha va ikkilanish deb ham hisoblanmaydi. Biroq, agar keraksiz ravishda takror qila-qila o’rnashib qolsa, u vaqt undan haqiqiy bir shubha paydo bo’lishi mumkin. Ham yana betarafona muhokama nomi bilan va yo insof nomidan deya qarshi tarafni lozim ko’raversa, shunday bir holga keladiki, beixtiyor qarshi tarafni ma`qullaydigan bo’lib qoladi. Unga vojib bo’lgan haqni lozim deb bilish hissi sinadi. O’zi esa tahlikaga tushadi. Raqib va yo shaytonning bekorchi bir vakili bo’ladigan holat zehnida o’rnashib qoladi.
Bu xildagi vasvasaning eng ahamiyatli joyi shudirki: Vasvasali odam zotiy imkon ila zehniy imkonni bir-biri bilan chalkashtirib qo’yadi. Ya`ni, bir narsani mohiyatida mumkin deb bilsa, u narsani zehnan ham mumkin va aqlan shak-shubhali deb vahima etadi. Holbuki, Kalom Ilmida shunday qoida borki, mohiyatida mumkin bo’lgan bir narsa ilmiy tasdiqqa zid emas va zehniy zaruratga ziddiyati yo’q. Masalan, hozirgi daqiqada Qora dengizning yerga botishi mohiyatida mumkindir va mohiyatan mumkinligi tufayli uning ehtimoli bor. Holbuki, qat`iyan ul dengizning joyida ekanini tasdiqlaymiz, shubhasiz bilamiz. Va u imkoniy ehtimol va u zotiy imkon bizga shak bermaydi, bir shubha tug’dirmaydi, qat`iy ishonchimizni buzmaydi. Masalan, shu quyoshning mohiyatida bugun botmasligi va ertaga chiqmasligi mumkin. Holbuki bu imkon ishonchimizga zarar bermaydi, shubha tug’dirmaydi. Xuddi shuning kabi, masalan, iymon haqiqatlaridan bo’lmish, dunyo hayotining botishiga va oxirat hayotining chiqishiga zotiy imkon jihatida kelgan vahimalar iymondagi qat`iyatga zarar bermaydi. Hamda لاَ عِبْرَةَ ِلْلاِحْتِمَالِ الْغَيْرِ النَّاشِئِ عَنْ دَلِيلٍ ya`ni: "Biron dalildan kelib chiqmagan bir ehtimolning hech ahamiyati yo’qdur," deyilgan mashhur qoida ham usuli din, ham usuli fiqhning muqarrar qoidasidandir.
Agar desang: "Mo’`minlarga bunchalik zararli va siquvchi bo’lgan vasvasa qaysi hikmatga binoan boshimizga balo bo’lgan?"
Javob: Haddan oshmaslik hamda g’olib kelmaslik sharti bilan, vasvasaning asli hushyor qilishga sababchi, izlanishga chorlovchi, jiddiyatga vositadir. Loqaydlikni ketkazadi, beparvolikni daf qiladi. Shuning uchun Hakiymi Mutlaq bu imtihon yerida, bu musobaqa maydonida bizga tashviq qamchisi sifatida vasvasani shaytonning qo’liga bergan. Insonning boshiga uradi. Shoyad ko’proq ranjitsa, Hakiymi Rahiymga shikoyat qilmog’imiz va “A`uzu billahi minashshaytonirrojiym” demog’imiz lozim.

* * *
Аудио мавжуд эмас