So’zlar | yigirma birinchi so’z | 190
(186-193)
Yigirma Birinchi So’zning Ikkinchi Maqomi

(Qalbning beshta yarasiga beshta malhamni ichiga olar.)
بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ
رَبِّ اَعُوذُ بِكَ مِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ ❊ وَاَعُوذُ بِكَ رَبِّ اَنْ يَحْضُرُونِ

Ey vasvasa dardiga mubtalo bo’lgan odam! Bilasanmi vasvasang nimaga o’xshaydi? Musibatga o’xshaydi. Ahamiyat berganing sari shishar, ahamiyat bermasang so’nar. Unga katta deb qarasang, kattalashar. Kichik deb bilsang, kichrayar. Qo’rqsang og’irlashar, xasta qilar. Xavfsiramasang, yengil bo’lar, mahfiyligicha qolar. Mohiyatini bilmasang, davom etar, o’rnashib qolar. Mohiyatini bilsang, uni tanisang, ketar. Shunday ekan, bu musibatli vasvasaning ko’plab qismining eng ko’p uchraydigan "Besh jihat"ini bayon etaman. Balki senga va menga shifo bo’lar. Zero bu vasvasa shunday narsaki, bilimsizlik uni chaqirar, ilm uni haydar. Tanimasang kelar, tanisang ketar.
Birinchi Jihat - Birinchi Yara: Shayton avvalo shubhani qalbga otadi. Agar qalb qabul qilmasa, shubhadan so’kishga aylanadi. Hayolda so’kishga o’xshash ba`zi iflos xotiralarni va beadab chirkin holatlarni tasvirlaydi. Qalbni "Eyvoh," dediradi. Tushkunlikka tushiradi. Vasvasali odam o’z qalbini Rabbiga nisbatan beadablik qilmoqda deb o’ylaydi. Mudhish bir havotir va hayajon his qila boshlaydi. Bundan qutulmoq uchun huzurdan qochadi, g’aflatga sho’ng’ishni istaydi. Bu yaraning malhami shudir:
Boq ey bechora vasvasali odam! Tashvish chekma, chunki sening xotiringga kelgan narsa so’kish emas, xayoldir. Kufrni xayol qilish kufr bo’lmagani kabi, so’kishni xayol qilish ham so’kish emasdir. Zero mantiq ilmida xayol qilish hukm emasdir. So’kish esa hukmdir. Hamda bu bilan birga u chirkin so’zlar sening qalb so’zlaring emas. Chunki sening qalbing undan iztirob va afsus-nadomat chekmoqda. Balki u qalbga yaqin bo’lgan lumma-i shaytoniyadan kelayotir. Vasvasaning zarari vahmiy zarardir. Ya`ni, uni zararli deb vahima qilish bilan qalban iztirob chekmoqdir. Chunki boshqarilmas bir xayolni haqiqat deb vahimaga tushadi. Hamda shaytonning ishini o’z qalbidan deb biladi. Shaytonning so’zini qalbdan deb o’ylaydi. Zarar deb anglaydi, zararga tushadi. Zotan shaytonning istagani ham shudir.
Ikkinchi Jihat shudirki: Ma`nolar qalbdan chiqqan vaqt, suratlari bo’lmagan holida xayolga kiradilar. U yerda surat kiyadilar. Hayol esa, har vaqt bir sabab ostida har xil suratlarni chizib turadi. Ahamiyat bergan narsalarning suratlarini yo’l ustida qoldiradi. Qaysi ma`no o’tsa, yo unga kiydiradi, yo iladi, yo bulg’aydi, yo parda qilib yopadi. Agar ma`nolar toza va pok bo’lib, suratlar esa iflos va razil bo’lsa, kiyilmaydi, faqat tegib turishi mumkin. Vasvasali odam tegishni kiyish bilan chalkashtirib qo’yadi. "Eyvoh! - deydi, - Qalbim bunchalar buzilibdi. Bu yaramas, bu pastkash nafs meni barbod qiladi." Shayton uning shu hissidan ko’p foydalanadi. Bu yaraning malhami shuki:
Аудио мавжуд эмас