So’zlar | yigirma birinchi so’z | 188
(186-193)

Beshinchi tanbeh: Ey dunyoparast nafsim! Ajabo, ibodatdagi tushkunliging va namozdagi qusuring dunyoviy mashg’uliyatlarning ko’pligidanmi? Va yoxud tirikchilik dardining mashg’uliyatlari ila vaqt topa olmaganingdanmi? Ajabo, birgina dunyo uchun yaratilganmidingki, butun vaqtingni unga sarflayotirsan? Sen iste`dod jihatida butun hayvonotdan ustunligingni va dunyo hayoti uchun kerakli narsalarni topib-tutishda iqtidor jihatida bir chumchuqqa ham etisha olmasligingni bilasan. Bundan nima uchun anglamayotirsanki, asl vazifang hayvon kabi chiranish emas, balki haqiqiy bir inson kabi haqiqiy bo’lgan doimiy hayot uchun sa`y-harakat qilishdir. Shu bilan birga, dunyoviy mashg’ulotlar degan ishlarning ko’pi senga oid bo’lmagan va sen bekordan-bekor aralashgan va aralashtirgan ma`nosiz, foydasiz mashg’uliyatlardir. Eng muhimini tashlab qo’yib, go’yo minglab yil umring borday, hech keraksiz ma`lumot bilan vaqt o’tkazmoqdasan. Masalan: "Zuhalning atrofidagi halqalarning kayfiyati qanday va Amerika tovuqlari qanchadir?" kabi qiymatsiz narsalar bilan qiymatli vaqtingni o’tkazmoqdasan. O’zingcha, go’yo falakiyot ilmidan va statistika fanidan bir kamol olmoqdasan...
Agar desang: "Meni namozdan va ibodatdan qoldirgan va tushkunlikka tushirgan undayin keraksiz narsalar emas, balki tirikchilik dardining zaruriy ishlaridir". Unda men ham senga aytamanki: Agar kuniga yuz tiyin olish sharti bilan ishlasang, so’ngra birov kelib: "Kel, o’n daqiqagina bu yerni qaz, yuz so’m qiymatida bir olmos va bir zumrad topasan" desa, sen unga: "Yo’q, bormayman, chunki bu o’n daqiqa uchun kundalik ish haqimdan o’n tiyin olib tashlanadi, maoshim kamayib qoladi" desang, naqadar telbalarcha bir bahona bo’lishini albatta bilasan. Xuddi shuning kabi, sen bu bog’ingda o’z maoshing uchun ishlamoqdasan. Agar farz namozini tark etsang, butun sa`y-harakatingning samarasi faqat dunyoviy va ahamiyatsiz, barakatsiz bir maosh bilan cheklanib qoladi. Agar sen istirohat va tanaffus vaqtingni ruhning rohatiga, qalbning tanaffusiga mador bo’lgan namoz uchun sarflasang, shunda barakatli dunyoviy maosh bilan birga sening uxroviy maoshingga va zodi oxiratingga ahamiyatli bir manba bo’lgan ikki ma`naviy ma`dan topasan.
Birinchi ma`dan: Bog’ingdagi(Izoh) sen etishtirgan xoh gulli, xoh mevali har bir o’simlik va daraxtning tasbehlaridan go’zal bir niyat qilish bilan bir hissa olasan.
Ikkinchi ma`dan: Ham bu bog’dan chiqqan mahsulotdan hayvon bo’lsin, inson bo’lsin, sigir bo’lsin, pashsha bo’lsin, xaridor bo’lsin, o’g’ri bo’lsin, kim yesa, u sen uchun bir sadaqa hukmiga o’tadi, faqat shu shart bilanki, sen haqiqiy Razzoq nomi bilan va Uning izni doirasida sarflasang va Uning molini Uning maxluqotiga beradigan bir taqsimotchi ma`mur nazari bilan o’zingga boqsang...
Xullas, boq, namozni tark etgan odam naqadar katta bir ziyonga uchraydi. Naqadar ahamiyatli bir boylikni qo’ldan beradi va sa`y-harakatiga juda katta shavq bergan va ishida buyuk bir ma`naviy quvvat bilan ta`minlagan u ikki ma`dandan mahrum bo’ladi, ham xonavayron bo’ladi. Hatto keksaygan sari bog’dorchilikdan zerikadi, tushkunlikka tushadi. "Nima keragi bor" deydi. "Men baribir dunyodan ketmoqdaman, nima uchun bu qadar zahmat chekmog’im lozim?" deydi, o’zini tanballikka soladi. Lekin avvalgi odam: "Yanada ziyoda ibodat bilan birga halol sa`y etmoqqa harakat qilay. Toki qabrimga yanada ziyoda yorug’lik yuboray. Oxiratimga yanada ziyoda zaxira tayyorlay," deydi.
Аудио мавжуд эмас