So’zlar | yigirma birinchi so’z | 189
(186-193)
Al-hosil: Ey nafs! Bilki, kechagi kun sening qo’lingdan chiqdi. Ertangi kunga esa sening qo’lingda hujjat yo’qki, ega bo’lsang. Shunday ekan haqiqiy umringni bugungi kun deb bil. Loaqal kunning bir soatini ehtiyot aqchasi kabi, haqiqiy istiqbol uchun tashkil etilgan bir oxirat sandiqchasi bo’lgan bir masjidga va yo bir joynamozga ata. Ham bilki, har yangi kun senga, ham har kimga yangi bir olamning eshigidir. Agar namoz o’qimasang, sening u kungi olaming zulmatli va parishon bir holda o’tadi. Senga qarshi Misol Olamida shahodat etadi. Zero har kimning har kunda shu olam ichida bir maxsus olami bor. Ham u olamning kayfiyati u odamning qalbiga va amaliga tobe`dir. Bamisoli, oynada ko’ringan muhtasham bir saroy oynaning rangiga bog’liq bo’ladi. Qora bo’lsa, qora ko’rinadi, qizil bo’lsa, qizil ko’rinadi. Ham uning sifatiga bog’liqdir. U oyna shishasi tekis bo’lsa, saroyni go’zal ko’rsatadi, notekis bo’lsa, chirkin ko’rsatadi. Eng nozik narsalarni qo’pol ko’rsatgani singari, sen qalbing ila, aqling ila, amaling ila, ko’ngling ila o’z olamingning shaklini o’zgartirasan. Yo o’zingga qarshi yoki o’z foydangga shahodat ettira olasan. Agar namoz o’qisang, u namozing ila u olamning Sone`i Zuljaloliga yuzlansang, birdan senga qarashli olaming nurlanib ketadi. Xuddi namozing bir elektr chirog’i va namozga niyating uning tugmasini bosilishi kabi, u olamning zulmatlarini tarqatadi. Va dunyoviy ostin-ustunliklardagi aralash-quralashlik, parishonlik ichidagi o’zgarishlar va harakatlar hikmatli bir intizom va ma`nodor bir Qudrat yozuvi ekanini ko’rsatadi. اَللّهُ نُورُ السَّموَاتِ وَاْلاَرْضِ oyati puranvoridan bir nurni sening qalbingga sochadi. Sening u kungi olamingni u nurning aks etishi ila yoritadi. Sening foydangga nuroniyat ila shahodat ettiradi.
Aslo demaki: "Mening namozim qayoqda-yu, namozning shu ma`nodagi haqiqati qayoqda!"
Zero bir xurmo danagi bir xurmo daraxti kabi o’z daraxtini ta`riflaydi. Farq yolg’iz ixchamligi yoki batafsilligida bo’lgani kabi, sening va mening kabi bir omining - garchi his qilmasa ham - namozi buyuk bir valiyning namozi kabi, shu nurdan va shu haqiqatdan bir hissasi bor, garchi o’zing anglamasang ham. Faqat darajalariga ko’ra ochilishi va nurlanishi xilma-xildir. Bamisoli, bir xurmo danagidan to mukammal bir xurmo daraxtiga qadar qanchadan-qancha martabalar bo’ladi. Xuddi shuningdek, namozning darajalarida ham yanada ko’p martabalar bo’lishi mumkin. Faqat barcha u martabalarda shu nuroniy haqiqatning asosi bor.

اَللّهُمَّ صَلِّ وَسَلِّمْ عَلَى مَنْ قَالَ اَلصَّلاَةُ عِمَادُ الدِّينِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ

* * *
Аудио мавжуд эмас