So’zlar | yıgırma yettınchı so’z | 321
(320-329)
Hatto shu daraja u fitriy dars nurlantirar ediki, yaqin ediki kasbsiz ijtihodga qobiliyati bo’lsin, otashsiz nurlansin... Xullas, shu tarzda fitriy bir dars olgan bir iste`dod egasi ijtihodni o’rganishga kirishgan vaqt gugurt hukmiga o’tgan iste`dodi “nurun ala nur” siriga sazovor bo’lar, tez va qisqa muddat ichida mujtahid bo’lardi.
Ammo hozirgi zamonda Ovrupa madaniyatining tahakkumi ila, tabiatparastlik falsafasining har tarafga yoyilgani ila, dunyoviy hayot sharoitining og’irlashgani ila fikrlar va qalblar parishon bo’lgan, himmat va inoyat bo’linib ketgan. Zehnlar ma`naviyatga nisbatan begonalashgandir. Mana shuning uchundirki, hozirgi zamonda bir odam to’rt yoshida Qur`onni yod olib olimlar bilan bahslashgan Sufyon Ibn Uyaynadek bo’lgan bir mujtahidning zakovatiga ega bo’lsa, Sufyon ijtihodni o’rgangan vaqtga nisbatan o’n barobar ko’proq vaqtga muhtojdir. Sufyon o’n yilda ijtihodni tahsil qilgan bo’lsa, shu odam yuz yilga muhtojdirki, tahsil qila olsin. Chunki Sufyonning fitriy tahsili esini taniganidan boshlanar. Asta sekin iste`dodi muhayyo bo’lar, nurlanar, har narsadan dars olar, gugurt hukmiga o’tar. Ammo uning o’xshashi hozirgi zamonda zehni falsafada bo’g’ilganidan, aqli siyosatga sho’ng’iganidan, qalbi dunyoviy hayotda o’zini yo’qotganidan iste`dodi ijtihoddan uzoqlashgan. Albatta hozirgi fanlarda chuqurlashishi nisbatida iste`dodi shar`iy ijtihod qobiliyatidan uzoqlashgan va dunyoviy fanlarda ilmi oshgan sari ijtihodni qabul qilishda orqada qolgandir. Shuning uchun "Men ham u kabi zakovatliman, nechun unga yetisholmayman?" deya olmaydi va deyishga haqqi ham yo’q va yetisholmaydi ham.
To’rtinchisi: Qandayki bir jismda navshu namo uchun kengayish mayli bo’lar. U kengayish mayli ichidan kelgani tufayli, vujud va jism uchun bir kamolga yetishdir. Biroq, agar tashqaridan kengaytirish istagi bo’lsa, ul vujudning jildini yirtmoqdir, buzmoqdir, kengayish emasdir. Xuddi shuningdek, Islomiyat doirasiga salafi solihiyn kabi komil taqvo eshigi orqali va dinning zaruriy asoslarini o’zida joylashtirish yo’li bilan kirganlarda kengayish mayli va ijtihod qilish xohishi bo’lsa, u kamoldir va takammuldir. Yo’qsa, zaruriy asoslarni tark etgan va dunyoviy hayotni oxirat hayotidan ustun qo’ygan va moddaparastlik falsafasi ila bulg’anib ketganlarning birida u kengayish mayli va ijtihod xohishi bo’lsa, Islomiyat vujudini xarob qilishga va bo’ynidagi shar`iy zanjirni chiqarishga sababdir.
Beshinchisi: Uch nuqta-i nazar hozirgi zamonning ijtihodlarini arziy qilar, samoviylikdan chiqarar. Holbuki shariat samoviydir va shar`iy ijtihodlar ham uning mastur hukmlarini izhor qilganidan samoviydirlar.
Birinchisi: Bir hukmning hikmati boshqa, illati boshqadir. Hikmat va foyda esa ustun qo’yilishiga sababdir, ijobga, ijodga sabab emasdir. Illat esa vujudga madordir. Masalan safarda namoz qasr qilinar, ikki rakat o’qilar. Shu shar`iy ruxsatning illati safardir, hikmati esa mashaqqatdir. Safar bo’lsa-yu, mashaqqati hech bo’lmasa ham namoz qasr qilinar. Chunki illat bor. Lekin safar bo’lmasa, yuz mashaqqat bo’lsa ham, namozning qasr qilinishiga asos bo’lolmas. Xullas shu haqiqatning aksi o’laroq, hozirgi zamonning nazari foyda va hikmatni illat o’rniga qo’yib, unga ko’ra hukm qiladilar. Albatta bunday ijtihodlar arziydir, samoviy emasdir.
Ikkinchisi: Hozirgi zamonning nazari avvalo va faqat dunyoviy saodatga qaraydi va hukmlari unga yo’nalgan. Holbuki Shariatning nazari avvalo va faqatgina oxirat saodatiga boqar, ikkinchi darajada - oxiratga vasila bo’lgani tufayli - dunyoning saodatiga nazar tashlar. Demak, shu zamonning nazari shariat ruhidan begonalashgandir. Shunday ekan, Shariat nomidan ijtihod qila olmas.
Uchinchisi: اِنَّ الضَّرُورَاتِ تُبِيحُ الْمَحْظُورَاتِ qoidasi, ya`ni "Zarurat haromni halol darajasiga keltirar". Mana shu qoida umumiy emas. Zarurat agar harom yo’li bilan bo’lmagan bo’lsa, haromni halol qilishga sabab bo’lar. Yo’qsa sui ixtiyori ila, noshar`iy sabablar ila zarurat bo’lgan bo’lsa haromni halol qilolmas, ruxsat qilingan hukmlarga sabab bo’lolmas, uzr tashkil qilmas.
Аудио мавжуд эмас