So’zlar | o’ninchi so’z | 58
(38-89)
Oltinchi Haqiqat: Hashamat va Sarmadiyat Bobi bo’lib, Jalil va Boqiy ismlarining jilvasidir.
Hech mumkinmidirki, butun mavjudotni Quyoshlardan, daraxtlardan zarralarga qadar amrbardor askar hukmida itoat ettirgan va idora qilgan bir Rububiyat hashamati shu dunyo musofirxonasida vaqtinchalik bir hayot kechirgan parishon foniylar ustida to’xtasin... sarmadiy, boqiy bir hashamat doirasi va abadiy, oliy bir rububiyat sababini ijod etmasin? Ha, shu koinotda ko’ringan mavsumlarining o’zgarib turishi kabi hashamatli ishlar va sayyoralarning tayyora misol harakatlari kabi azamatli harakatlar va Yerni insonga beshik, Quyoshni insonlarga chiroq qilmoq kabi dahshatli itoat ettirmoq va o’lgan, qurigan Yer Kurrasini tiriltirmoq, bezantirmoq kabi keng bir o’zgartirishlar ko’rsatmoqdaki, parda orqasida shunday muazzam bir rububiyat borki muhtasham bir saltanat ila hukm etmoqda. Bunday bir rububiyat saltanati o’ziga loyiq bir raiyat istar va uyg’un bir mazhar istar. Holbuki, ko’rib turibsan: Mohiyatan eng jome` va muhim raiyati va bandalari shu dunyo musofirxonasida parishon bir suratda vaqtinchalik to’planganlar. Musofirxona esa har kun to’lar, bo’shalar. Ham butun raiyat xizmat tajribasi uchun shu imtihon maydonida vaqtinchalik turibdilar. Maydon esa har soat almashtirilar. Ham butun u raiyat Sone`i Zuljalolning qiymatli ehsonlarining namunalarini va g’aroyib san`at antiqalarini olam bozori ko’rgazmalarida tijorat nazari bilan tomosha qilmoq uchun shu namoyishgohda bir necha daqiqa to’xtab tomosha qilmoqdalar, so’ngra g’oyib bo’lmoqdalar. Shu namoyishgoh esa har daqiqada o’zgarmoqda. Ketgan kelmas, kelgan ketar. Xullas bu hol va shu vaziyat qat`iy ko’rsatmoqdaki shu musofirxona va shu maydon va shu namoyishgohlarning orqasida u sarmadiy saltanatga mador va mazhar bo’ladigan abadiy saroylar, doimiy maskanlar, shu dunyoda ko’rganimiz namunalarning va suratlarning eng xolis va eng yuksak asllari ila to’la bog’ va xazinalari bordir. Demak, bu yerdagi tirishishlar o’shalar uchundir. Shu yerda ishlattirar, u yerda haqqini berar. Har kimning iste`dodiga ko’ra, agar qo’ldan boy berib qo’ymasa, u yerda bir saodati bordir. Ha, shunday sarmadiy bir saltanat, maholdirki shu foniylar va o’tkinchi zalillar ustida tursin.
Shu haqiqatga bu misol durbini ila boq: Masalan sen yo’lda ketmoqdasan. Ko’rdingki, yo’lda bir karvonsaroy turibdi. Bir buyuk zot u karvonsaroyni o’ziga keladigan musofirlari uchun qurgan. U musofirlarning bir kechalik sayr va ibratlari uchun u karvonsaroyning bezalishiga millionlab oltinlarni sarf etgan. Ham u musofirlar u ziynatlarga oz bir qismiga va bir nafas boqib, u ne`matlardan juda oz bir vaqtda oz bir narsa totib, to’ymasdan ketmoqdalar. Faqat har musofir o’ziga tegishli suratkashi bilan u karvonsaroydagi narsalarning suratlarini olmoqdalar. Ham u buyuk zotning xizmatkorlari ham musofirlarning muomala suratlarini g’oyat diqqat ila olmoqdalar va qayd etmoqdalar. Ham ko’rmoqdasanki, u zot har kuni u qiymatli ziynatlarning ko’pini buzar, yangi keladigan musofirlar uchun yangi ziynatlar ijod etar. Buni ko’rgandan so’ng hech shubhang qolmaski bu yo’lda bu karvonsaroyni qurgan zotning doimiy, g’oyat oliy manzillari, ham tuganmas juda qiymatli xazinalari, ham davomli juda buyuk saxovati bor. Shu karvonsaroyda ko’rsatgan ikromi ila musofirlarini o’z yonida bo’lgan narsalarga ishtahalarini ochmoqda va ularga hozirlangan sovg’alarga orzularini uyg’otmoqda. Xuddi shuning kabi, shu dunyo musofirxonasidagi vaziyatga sarxush bo’lmasdan diqqat qilsang, quyidagi "to’qqiz asos"ni tushunasan:
Аудио мавжуд эмас