So’zlar | birinchi so’z | 6
(1-10)
Ey inson! Esingni yig’. Hech mumkinmidirki, butun maxluqot navlarini senga qaratib madad qo’llarini uzattirgan va sening hojatlaringga "Labbayk" degizgan Zoti Zuljalol seni bilmasin, tanimasin, ko’rmasin?! Modomiki seni biladi va bilishini rahmati ila bildirmoqda ekan, sen ham Uni bil, bilganingni hurmat ila bildir va qat`iyan anglaki, sen kabi mutlaq zaif, mutlaq ojiz, mutlaq faqir, foniy, kichik bir maxluqqa ulkan koinotni bo’ysundirmoq va uning madadiga yubormoq, albatta, hikmat va inoyat va ilm va qudratni ichiga olgan Rahmat haqiqatidir. Albatta, bunday bir Rahmat sendan umumiy va xolis bir shukr va jiddiy va sof bir hurmatni istar, ana shu xolis shukrning va u sof hurmatning tarjimoni va unvoni bo’lmish "Bismillahirrohmanirrohiym"ni ayt. Uni Rahmatga erishishga vosita et va Rahmonning dargohida shafoatchi qil.
Ha, Rahmatning vujudi va mavjudligi Quyoshdek ko’rinib turgan ochiq haqiqatdir. Chunki, masalan, markaziy naqsh har tarafdan keladigan kashta va iplarning intizomidan va vaziyatlaridan hosil bo’ladi, shunga o’xshash bu koinotning buyuk doirasida ming bir Ilohiy Ismlarning jilvasidan keladigan nuroniy kashtalar koinot siymosida shunday bir Rahmat muhri ichida bir Rahimiyat muhrini va bir shafqat naqshini to’qimoqda va shunday bir inoyat muhrini to’qimoqdaki, Quyoshdan ham porloq bir tarzda o’zini aqllarga ko’rsatmoqda.
Ha, Quyosh va Oyni, elementlar va tabiiy minerallarni, o’simlik va hayvonlarni hashamatli bir naqshning kashta iplari kabi ming bir ismining nurlari ila bezatgan va hayotga xizmatchi qilgan, o’simlik va hayvonlar umum volidalarining g’oyat shirin va fidokorona shafqatlari ila shafqatini ko’rsatayotgan va tirik mavjudotni insoniy hayotga bo’ysundirgan va undan Alloh (J.J.) Rububiyatining g’oyat go’zal va shirin hashamatli bir naqshini va insonning ahamiyatini ko’rsatgan va eng porloq rahmatini izhor etgan u Rahmoni Zuljamol, albatta, o’zining mutlaq ehtiyojsizligiga qarshi rahmatini mutlaq ehtiyoj ichidagi jonzotlarga va insonga maqbul bir shafoatchi qilganlar.
Ey inson! Agar inson bo’lsang, "Bismillahirrohmanirrohiym" de, u shafoatchini top. Ha, zaminda to’rt yuz ming turli boshqa-boshqa o’simlik va hayvonlarning toifalarini hech birini unutmasdan, chalkashtirmasdan, vaqti-vaqti bilan mukammal intizom ila, hikmat va inoyat ila tarbiya va idora etayotgan va Yer Kurrasining siymosiga Ahadiyat muhrini bosgan shaksiz, balki shubhasiz Rahmatdir. Va u Rahmatning vujudi bu Yer sayyorasi siymosidagi mavjudotning vujudlari qadar qat`iydir va u mavjudot adadicha mavjudligining dalillari bor. Ha, zamin yuzida shunday Rahmatning bir muhri va Ahadiyat tamg’asi bo’lgani kabi, insonning ma`naviy mohiyatining siymosida ham shunday Rahmatning bir muhri bordirki, u Yer sayyorasi siymosidagi marhamat muhri va koinot siymosidagi Rahmatning eng buyuk muhridan aslo kam emas. Go’yo ming bir ism jilvalarining jamlanish nuqtasiga o’xshash bir sermazmunligi bor.
Аудио мавжуд эмас