So’zlar | o’ninchi so’z | 51
(38-89)
Masalan, bahor mavsumida jannat hurlari kabi butun daraxtlarni sundus-misol liboslar ila kiydirib, chechak va mevalarning duru javharlari ila bezab xizmatkor etib ularning latif qo’llari bo’lgan shoxlari ila turli-tuman eng shirin, eng san`atli mevalarni bizga taqdim etmoq; ham zaharli bir arining qo’li ila shifobaxsh eng shirin asalni bizga yedirmoq; ham eng go’zal va yumshoq bir libosni qo’lsiz bir qurtning qo’li ila bizga kiydirmoq; ham rahmatning buyuk bir xazinasini kichik bir urug’ ichida biz uchun saqlamoq naqadar jamil bir karam, naqadar latif bir rahmat asari bo’lgani ochiq-ravshan tushunilar. Ham inson va ba`zi jonivorlardan tashqari Quyosh va Oy va Yerdan tortib to eng kichik maxluqqa qadar har narsa mukammal diqqat ila o’z vazifasida ishlashi, zarracha haddidan chetga chiqmasligi, bir azim haybat ostida umumiy bir itoat bo’lishi; buyuk bir jalol va izzat sohibining amri ila harakat etganlarini ko’rsatar. Ham xoh nabotiy bo’lsin, xoh hayvoniy, xoh insoniy bo’lsin butun volidalarning u rahm-shafqatlari ila(Izoh1) va sutdek u latif ozuqa ila u ojiz va zaif bolalarning tarbiyasidan qandayin bepoyon bir rahmat jilvasi ishlagani ochiqchasiga tushunilar.
Bu olam mutasarrifining modomiki benihoyat bunday bir karami, cheksiz bunday bir rahmati, nihoyatsiz bunday bir jalol va izzati bordir. Nihoyatsiz jalol va izzat adabsizlarni adablantirishni istar. Benihoyat karam nihoyatsiz ikrom istar, cheksiz rahmat o’ziga loyiq ehson istar. Holbuki bu foniy dunyoda va qisqa umrda dengizdan bir tomchi kabi millionlab qismidan faqat bir qismi joylashar va ko’rinar. Demak, u karamga loyiq va u rahmatga muvofiq bir saodat yeri bo’lajakdir. Aks holda kunduzni nuri ila to’ldirgan Quyoshning vujudini inkor etmoq kabi, bu ko’ringan rahmatning vujudini inkor etmoq lozim bo’lar. Chunki bir marta yana qaytmaslik sharti bilan zavol bo’lsa shafqatni musibatga, muhabbatni hirqatga va ne`matni nikmatga va aqlni qahrli bir qurolga va lazzatni alamga aylantirmoq ila rahmat haqiqatining so’nmog’i lozim bo’lar. Ham u jalol va izzatga uyg’un bir jazo joyi bo’lajakdir. Chunki ko’pincha zolim izzatida, mazlum zillatida qolib, bu yerdan ko’chib ketmoqdalar. Demak, bir Mahkama-i Kubroga qoldirilmoqda, kechiktirilmoqda. Yo’qsa, qaralmayotir emas. Ba`zan dunyoda ham jazo berar. O’tmish zamonlarda kechgan osiy va qaysar qavmlarga kelgan azoblar ko’rsatmoqdaki: Inson o’z holiga tashlab qo’yilgan emasdir, bir jalol va g’ayrat ta`ziriga har vaqt ma`ruzdir.
Ha, hech mumkinmidirki, inson umum mavjudot ichra ahamiyatli bir vazifasi, ahamiyatli bir iste`dodi bo’lsin-da, insonning Rabbi ham insonga bu qadar muntazam san`atlari ila o’zini tanittirsin-u bunga javoban inson iymon ila uni tanimasa.. ham bu qadar rahmatning ziynatli mevalari ila o’zini sevdirsin-u bunga javoban inson ibodat ila o’zini unga sevdirmasa.. ham bu qadar turli ne`matlari ila muhabbat va rahmatini unga ko’rsatsin-u bunga javoban inson shukr va hamd ila unga hurmat ko’rsatmasa; jazosiz qolsin, qarovsiz qo’yilsin, u izzat, g’ayrat sohibi Zoti Zuljalol bir jazo yeri hozirlamasin? Hech mumkinmidirki: U Rahmoni Rahiymning o’zini tanittirishiga muqobil iymon ila tanimoq ila va sevdirishiga muqobil ibodat ila sevmoq va sevdirmoq ila va rahmatiga muqobil shukr ila hurmat etmoq ila javob qaytargan mo’`minlarga bir mukofot joyi, abadiy bir saodatni bermasin?
Аудио мавжуд эмас