So’zlar | o’ttiz ikkinchi so’z | 421
(390-427)
Xuddi shuningdek, yolg’iz Janobi Haqning Rahmon va Rahiym ismlarini o’ylaki: Sen sevgan va shafqat ko’rsatgan butun mo’min bobolaring va ajdodlaringni va aqrabo va ahbobingni dunyoda ne`mat navlari ila va Jannatda lazzat navlari ila va abadiy saodatda ularni senga ko’rsatib va O’zini ularga ko’rsatishi ila mas`ud etgani jihatda u "Rahmon" ismi va "Rahiym" unvoni naqadar sevilmoqqa loyiqdirlar va qay daraja u ikki ismga bashar ruhi muhtoj bo’lganini qiyos eta olarsan. Va qay daraja
اَلْحَمْدُ ِللهِ عَلٰى رَحْمٰنِيَّتِهِ وَعَلٰى رَحِيمِيَّتِهِ o’rinli ekanini anglarsan.
Ham, aloqador bo’lganing va parishonliklaridan xafa bo’lganing sening bir navi xonang va ichidagi mavjudot sening u xonaning ko’nikilgan lozim narsalari va sevimli ziynatli narsalari hukmida bo’lgan dunyoni va ichidagi maxluqotni mukammal hikmat ila tartiblagan va tadbir va tarbiya etgan zotning "Hakiym" ismiga va "Murabbiy" unvoniga sening ruhing naqadar muhtoj, naqadar mushtoq ekanini diqqat etsang, anglaysan. Ham, butun aloqador bo’lganing va zavollari ila alamzada bo’lganing insonlarni o’layotgan chog’larida yo’qlik zulmatidan qutqarib, shu dunyodan yanada go’zal bir yerda yerlashtirgan bir zotning "Voris, Bois" ismlariga, "Boqiy, Kariym, Muhyi va Muhsin" unvonlariga naqadar ruhing muhtoj ekanini diqqat qilsang, anglaysan.
Xullas, insonning mohiyati yuksak, fitrati jomia bo’lganidan, minglab hojat navlari ila ming bir Ilohiy ismlarga, har bir ismning ko’p martabalariga fitratan muhtojdir. Haddan ortiq ehtiyoj ishtiyoqdir. Haddan ortiq ishtiyoq muhabbatdir. Haddan ortiq muhabbat esa ishqdir. Ruhning taraqqiyotiga ko’ra muhabbat martabalari ismlarning martabalariga ko’ra inkishof etar. Butun ismlarga muhabbat esa, chunki u ismlar Zoti Zuljalolning unvonlari va jilvalari bo’lganidan, Zoti Ilohiyaga muhabbatga aylanar. Endi yolg’iz namuna sifatida ming bir ismlardan yolg’iz "Adl" va "Hakam", "Haq" va "Rahiym" ismlarining ming bir martabalaridan bir martabani bayon etamiz. Shundayki:
Hikmat va haqqoniyat ichidagi "Rahmonirrahiym" va "Haq" ismini a`zamiy bir doirada ko’rmoq istasang, shu tamsilga boq: Qandayki bir qo’shinda to’rt yuz xilma-xil toifalar bo’lganini faraz qilamizki, har bir toifa yaxshi ko’rgan liboslari boshqa, yoqtirgan ovqatlari boshqa, qiynalmay foydalanadigan aslahalari boshqa va mizojiga davo bo’ladigan dori-darmonlari boshqa bo’lganlari holda, butun u to’rt yuz toifa boshqa-boshqa guruh, qism ayrilmasdan, balki bir-biriga aralashgan bo’lgani holda ularni mukammal shafqat va marhamatidan va g’aroyib iqtidoridan va mo’`jizona ilm va ihotasidan va favqulodda adolat va hikmatidan mislsiz bir podshoh ularning hech birini chalkashtirmasdan, hech birini unutmasdan butun alohida-alohida ularga loyiq libos, ovqat, dori-darmon va aslahalarini yordamchisiz o’laroq shaxsan o’zi bersa, u Zot, ajabo, naqadar muqtadir, mushfiq, odil, kariym bir podshoh ekanini anglaysan. Chunki bir harbiy qismda o’n millatdan odamlar bo’lsa, ularni boshqa-boshqa kiydirmoq va jihozlantirmoq g’oyat mushkul bo’lganidan, majburan qanday jinsdan bo’lsa bo’lsin, bir tarzda jihozlantirilar.
Xuddi shuningdek, Janobi Haqning haqqoniyat va hikmat ichidagi "Haq" va "Rahmonirrahiym" ismlarining jilvasini ko’rishni istasang, bahor mavsumida zamin yuzida chodirlari tikilgan muhtasham to’rt yuz ming millatdan tarkib topgan nabotot va hayvonotning qo’shiniga boqki, butun u millatlar, u toifalar bir-biri ichida bo’lganlari holda har birining libosi boshqa, rizqi boshqa, quroli boshqa, hayot tarzi boshqa, ta`limoti boshqa, bo’shalish vaqti boshqa bo’lganlari holda va u hojatlarini qondiradigan iqtidorlari va u matlublarini istaydigan tillari bo’lmagani holda, hikmat va haqqoniyat doirasi ichida mezon va intizom ila "Haq" va "Rahmon", "Razzoq" va "Rahiym", "Kariym" unvonlarini tomosha qil, ko’r: Qanday hech birini chalkashtirmasdan, unutmasdan, aralashtirib yubormasdan qanday tarbiya va tadbir va idora etayotir!
Xullas, bunday hayrat beruvchi muhit bir intizom va mezon ila qilinayotgan bir ishga boshqalarning qo’li aralasha olarmi? Vohidi Ahad, Hakiymi Mutlaq, Qodiyri Kulli Shaydan boshqa bu san`atga, bu tadbirga, bu rububiyatga, bu aylantirishga qaysi narsa qo’lini uzata olar? Qaysi sabab qo’shila olar?
Аудио мавжуд эмас