So’zlar | o’ttiz ikkinchi so’z | 423
(390-427)
Payg’ambarlar va Avliyolarga muhabbating esa: G’aflat ahliga qorong’u bir vahshatgoh ko’ringan barzoh olami u nuroniylarning vujudlari ila nurlangan manzilgohlari suratida senga ko’ringani uchun u olamga borishga qo’rqmoq, dahshatga tushmoq emas, balki aksincha, moyillik va ishtiyoq hissini berar, dunyoviy hayotning lazzatini qochirmas. Bo’lmasa, ularning muhabbati madaniyat ahlining mashhur insonlarga muhabbati navidan bo’lsa, u komil insonlarning fano va zavollarini va moziy deb atalgan buyuk mozorida chirishlarini o’ylash bilan alamli hayotingga bir qayg’u yana qo’shar. Ya`ni "Shunday komillarni chiritgan mozorga men ham kiraman",- deya o’ylar. Mozoristonga qo’rquvli bir nazar ila boqar. "Oh!" chekar. Avvalgi nazarda esa, jism libosini moziyda tashlab, o’zlari istiqbol kutuv xonasi bo’lmish barzoh olamida mukammal rohat ila qolayotganlarini o’ylar, mozoristonga unsiyatkorona boqar.
Ham, go’zal narsalarga muhabbating modomiki Sone`lari hisobigadir, "Qanday go’zal qilinganlar!" tarzidadir. U muhabbating bir laziz tafakkur bo’lgani holda, husn-parast, jamol-parast zavqingning nazarini yanada yuksak, yanada muqaddas va minglab dafa yanada go’zal jamol martabalarining dafinalariga yo’l ochar, qaratar. Chunki u go’zal asarlardan Ilohiy ishlarning go’zalligiga ko’chirar. Undan ismlarning go’zalligiga, undan sifatlarning go’zalligiga, undan Zoti Zuljalolning bemisol jamoliga qarshi qalbga yo’l ochar. Xullas, bu muhabbat shu suratda bo’lsa ham lazzatdir, ham ibodatdir va ham tafakkurdir.
Yoshlikka muhabbating esa: Modomiki Janobi Haqning go’zal bir ne`mati jihatida sevgansan, albatta, uni ibodatda sarf etasan, safohatda dimiqtirib o’ldirmaysan. Unday ekan, u yoshlikda qozonganing ibodatlar u foniy yoshlikning boqiy mevalaridir. Sen keksayganing sari yoshlikning yaxshiliklari bo’lmish boqiy mevalarini qo’lga kiritganing holda, yoshlikning zararlaridan, toshqinliklaridan qutulasan. Ham keksalikda yanada ziyoda ibodatga muvaffaqiyat va Allohning marhamatiga yanada ziyoda layoqat qozonganingni o’ylaysan. G’aflat ahli kabi besh-o’n yillik bir yoshlik lazzatiga muqobil, ellik yoshda "Ey voh, yoshligim ketdi!" deya afsuslanib, yoshlikka yig’lamaysan. Qandayki undaylardan birisi demish:
لَيْتَ الشَّبَابَ يَعُودُ يَوْمًا فَاُخْبِرَهُ بِمَا فَعَلَ الْمَشِيبُ Ya`ni, "Koshki yoshligim bir kunga qaytsa edi, keksalik mening boshimga nelar keltirganini shikoyat qilib xabar berar edim".
Bahor kabi ziynatli namoyishgohlarga muhabbat esa: Modomiki Alloh san`atini tomosha qilmoq e`tibori iladir, u bahorning ketishi ila tomosha lazzati zoil bo’lmas. Chunki bahor zarrin bir maktub kabi bergan ma`nolarini har vaqt tomosha eta olasan. Sening hayoling va zamon ikkisi ham kino pardalari kabi senga u tomosha lazzatini davom ettirmoq ila barobar u bahorning ma`nolarini, go’zalliklarini senga yangilab turadilar. O’shanda muhabbating afsusli, alamli, vaqtinchalik bo’lmas. Lazzatli, safoli bo’lar.
Dunyoga muhabbating esa: Modomiki Janobi Haqning nomigadir, u vaqt dunyoning dahshatli mavjudoti senga unsiyatli bir o’rtoq hukmiga o’tar. Oxirat ekinzori jihati ila sevganing uchun har narsasida oxiratga foyda beradigan bir sarmoya, bir meva olishing mumkin. Na musibatlari senga dahshat berar, na zavol va fanosi senga zerikish berar. Mukammal rohat ila u musofirxonada qolish muddatingni kechirasan. Bo’lmasa, g’aflat ahli kabi sevsang, yuz marta senga aytganmizki: zeriktiruvchi, ezuvchi, dimiqtiruvchi, fanoga mahkum, natijasiz bir muhabbat ichida bo’g’ilib ketasan.
Xullas, ba`zi mahbublaringga Qur`on irshod etgan tarzda bo’lgan payt har biridan yuzdan faqat bir latofatini ko’rsatdik. Qur`on ko’rsatgan yo’lda bo’lmasa, yuzdan bir zararlariga ishora etdik. Endi shu mahbublarning boqiy dunyoda, oxirat olamida Qur`oni Hakim ochiq-oydin oyatlari ila ishora etgan natijalarni eshitmoq va anglamoq istasang, ana o’sha turli mashru` muhabbatlarning boqiy dunyodagi natijalarini bir Muqaddima va to’qqiz Ishora ila yuzdan bir foydasini ijmolan ko’rsatamiz.
Аудио мавжуд эмас