So’zlar | o’ttiz uchinchi so’z | 438
(428-452)
Va u san`at naqshi lutf va karamni ko’rsatgan bir ziynat ichradir. Va u ziynat ham rahmat va ehsonni ko’rsatgan latif hidlar ichidadir. Va bir-biri ichida bo’lgan shu ma`nodor vaziyatlar shunday bir shahodat qiluvchi tillarki, ham Sone`i Zuljamolini ismlari ila ta`riflaydi, ham sifatlari ila vasf etadi, ham ismlarining jilvalarini tafsir qiladi, ham tavaddud va taarrufini, ya`ni O’zini sevdirishni va tanitishni xohlayotganini ifoda etadi.

Xullas, birgina chechakdan bunday bir shahodat eshitsang, ajabo, zamin yuzidagi Rabboniy bog’larda barcha chechaklarni tinglay olsang, naqadar yuksak bir quvvat bilan Sone`i Zuljalolning vujubi vujudini va vahdatini e`lon qilayotganini eshitsang, hech bir shubhang va vasvasang va g’aflating qolishi mumkinmi? Agar qolsa, seni inson va ong egasi deyish mumkinmi?

Kel, endi bir daraxtga diqqat bilan boq! Mana, bahor mavsumida yaproqlarining muntazam tarzda chiqishi, chechaklarining bir tekisda ochilishi, mevalarining hikmat va rahmat bilan yetilishi va shoxlarining qo’lida ma`sum go’daklardek shabada esayotganda o’ynayotgan latif og’zini ko’r. Bamisoli, bir dasti karam ila ko’kargan yaproqlarning tili ila va lutf nash`asi ila tabassum qilgan chechaklarning tillari ila va bir rahmat jilvasi ila kulgan mevalarning kalimalari bilan ifoda etilgan hikmatli nizom ichidagi adolatli mezon va adolatni ko’rsatgan mezon ichidagi nozik san`atlar, naqshlar va mahoratli naqshlar va ziynatlar ichida rahmat va ehsonni ko’rsatgan xilma-xil lazzatli mazalar va xilma-xil xushbo’y hidlar va lazzatli mazalar ichra har biri qudrat mo’`jizasi bo’lgan urug’lar va danaklar g’oyat zohir bir suratda bir Sone`i Hakiym, Kariym, Rahiym, Muhsin, Mun`im, Mujammil, Mufazzilning vujubi vujudini va vahdatini va rahmati jamolini va mukammal Rububiyatini ko’rsatadi.

Xullas, agar ro’yi zamindagi barcha daraxtlarning holatlari bilan ifoda etayotgan so’zlarini birdaniga tinglay olsang:

يُسَبِّحُ ِللّهِ مَا فِى السَّموَاتِ وَمَا فِى اْلاَرْضِ xazinasida naqadar go’zal gavharlar borligini ko’rasan, anglaysan.
Xullas, ey nonko’rlik qilib o’zini sohibsiz deb o’ylayotgan badbaxt g’ofil! Bunchalik hadsiz tillar bilan o’zini senga tanitayotgan va bildirayotgan va sevdirayotgan bir Kariymi Zuljamolni tanishni istamasang, bu tillarni sustirmoq lozim bo’ladi. Modomiki sustirib bo’lmas ekan, tinglamoq darkor. G’aflatga o’ralib qulog’ingni berkitsang ham qutula olmaysan. Chunki sen qulog’ingni berkitgan bilan koinot sukut etmaydi, mavjudotlar jim turmaydi, Vahdoniyat shohidlari ovozlarini o’chirmaydi. Albatta seni mahkum etadilar.
Аудио мавжуд эмас