So’zlar | o’ttiz uchinchi so’z | 440
(428-452)
Endi chechaklarga, mevalarga boq! Ularning kulimsirashlari va ta`mlari va go’zalliklari va naqshlari va hid taratishlari bir Sone`i Kariymning, bir Mun`imi Rahiymning dasturxonida o’ziga xos bir ta`rifnoma, bir taklifnoma hukmida bo’lib, xilma-xil rang va hid va ta`mlar bilan har bir navga alohida-alohida ta`rifnoma va taklifnoma o’laroq berilgan.
Endi qushlarga boq! Ularning so’ylashishlari va chug’urlashlari bir Sone`i Hakiymning nutq berishi va so’ylatishi ekaniga qat`iy dalil shuki, hayratlanarli bir tarzda bir-biri ila u tovushlar ila hissiyot almashishlari va maqsadlarini ifoda etishlaridir.
Endi bulutlarga boq! Yomg’irning shivirlashi ma`nosiz bir tovush emasligiga va chaqmoq ila momaqaldiroq ma`nosiz bir gumburlash emasligiga qat`iy dalil shuki, holi bir bo’shliqda u ajoyibotni ijod qilmoq va ulardan obi-hayot bo’lgan tomchilarni sog’moq va zamin yuzidagi muhtoj va mushtoq jonzotlarga emizmoq ko’rsatadiki, u shivirlash, u gumburlash g’oyat ma`noli va hikmatlidirki, bir Rabbi Kariymning amri ila mushtoqlarga u yomg’ir baqiradiki: "Sizlarga xushxabar, kelmoqdamiz!" ma`nosini ifodalaydilar.
Endi ko’kka boq! Ko’kdagi hadsiz jismlardan faqatgina Oyga diqqat qil! Uning harakati bir Qodiyri Hakiymning amri ila bo’lishi unga taalluqli va yer yuziga oid muhim hikmatlardirki, boshqa yerda bayon qilganimiz uchun tugatamiz.
Xullas, ziyodan to Oyga qadar biz sanab o’tgan ulkan unsurlar g’oyat keng bir tarzda va ulkan miqyosda bir deraza ochadi. Vojib-ul Vujudning vahdatini va mukammal qudratini va saltanati azamatini ko’rsatib e`lon etadilar.
Xullas, ey g’ofil! Agar momaqaldiroq kabi bu sadoni o’chira olsang va Quyoshning nuri kabi porloq u ziyoni so’ndira olsang, Allohni unut... Yo’qsa esingni yig’! سُبْحَانَ مَنْ تُسَبِّحُ لَهُ السَّموَاتُ السَّبْعُ وَاْلاَرْضُ وَمَنْ فِيهِنَّ de.

Yigirma Birinchi Deraza
وَ الشَّمْسُ َتجْرِى لِمُسْتَقَرٍّ لَهَا ذلِكَ تَقْدِيرُ الْعَزِيزِ الْعَلِيمِ
Shu koinot chirog’i bo’lmish Quyosh, koinot Sone`ining vujudiga va vahdoniyatiga Quyoshdek porloq va nuroniy bir derazadir.
Ha, quyosh sistemasi deb atalgan kurramiz bilan birga o’n ikki sayyora, hajmlari katta-kichiklikda juda muxtalif va mavqelari uzoq-yaqinlikda juda tafovutli va harakat tezliklari juda xilma-xil bo’lgani holda, mukammal intizom va hikmat ila va mukammal mezon ila va bir soniya ham yanglishmay harakat qilishlari va aylanishlari hamda tortish qonuni deya atalgan bir Ilohiy qonunga muvofiq Quyosh bilan bog’lanishlari, ya`ni ular o’z imomlariga iqtido qilishlari, buyuk bir miqyosda Ilohiy bir qudratning azamatini va rabboniy vahdoniyatni ko’rsatadi.
Chunki u jonsiz jismlarni, u ongsiz ulkan to’plarni nihoyat darajada intizom va hikmat o’lchovi ichra xilma-xil shakllarda va xilma-xil masofalarda va xilma-xil harakatlar ila aylantirmoq va xizmat qildirmoq qay daraja bir qudratni va bir hikmatni isbotlayotganini qiyos qil. Bu ulkan va og’ir ishga zarra miqdor tasodif aralashsa, shunday bir portlash yuzaga keladiki, koinotni to’zitib yuboradi. Chunki tasodif birontasini bir daqiqaga to’xtatib qo’ysa, o’z o’qidan chiqib ketishiga sabab bo’ladi, boshqalari bilan to’qnashuviga yo’l ochadi. Yer kurrasidan ming baravar katta jismlar bilan to’qnashuv qay daraja dahshatli bo’lishini qiyoslab ko’rishing mumkin.
Аудио мавжуд эмас