So’zlar | o’ttiz uchinchi so’z | 445
(428-452)
Yigirma Oltinchi Deraza(Izoh)
Shu koinot mavjudotlarining yuzida yangilanib turgan va kelib ketgan jamollar va husnlar bir Jamoli Sarmadiy jilvalarining bir navi soyalari ekanini ko’rsatadi. Ha, irmoq yuzadagi pufakchalarning porlab o’tganidan so’ng, orqadan kelganlarining avvalgilardek porlashlari doimiy bir Quyosh shualarining oynalari ekanini ko’rsatganlari kabi, sayyol zamon irmog’ida sayyor mavjudotlar ustida porlagan go’zallik yog’dulari ham sarmadiy bir jamolga ishora etadilar. Va uning bir navi alomatlaridirlar.
Ham koinot qalbidagi jiddiy ishq bir Ma`shuqi Loyazaliyni ko’rsatadi. Ha, daraxtning mohiyatida bo’lmagan bir narsa asosli bir suratda mevasida ham bo’lmaganining dalolatiga ko’ra, koinot daraxtining hassos mevasi bo’lmish insoniyatdagi jiddiy lahutiy ishq ko’rsatadiki, butun koinotda, faqat boshqa shakllarda, haqiqiy ishq va muhabbat bor. Shunday ekan, koinot qalbidagi shu haqiqiy muhabbat va ishq bir Mahbubi Azaliyni ko’rsatadi.
Ham koinot sinasida ko’p suratlarda ko’rinayotgan injizoblar, jazbalar, jozibalar azaliy bir jozibador haqiqatning jazbi ila bo’layotganini hushyor qalblarga ko’rsatadi.
Ham maxluqotning eng hassos va nuroniy toifasi bo’lgan kashf ahli va avliyolarning ittifoqlari ila zavq va shuhudga tayangan holda bir Jamiyli Zuljalolning jilvasiga, tajalliysiga sazovor ekanlarini va u Jaliyli Zuljamolning o’zini tanittirilishini va sevdirilishini zavq ila idrok etganlarini ittifoqan xabar berishlari, yana bir Zoti Vojib-ul Vujudning, bir Jamiyli Zuljalolning mavjudligiga va insonlarga o’zini tanittirishiga qat`iyan shahodat etadi.
Ham koinot yuzida va mavjudot uzra ishlayotgan husn va ziynat beruvchi qalam shu qalam sohibi bo’lgan Zotning ismlarining go’zalligini yaqqol ko’rsatadi.
Xullas, koinot yuzidagi jamol va qalbidagi ishq va sinasidagi joziba va ko’zlaridagi kashf va shuhud va hay`atidagi husn va ziynatlar juda latif va nuroniy bir deraza ochadi. U orqali barcha ismlari go’zal bo’lgan bir Jamiyli Zuljalolni va bir Mahbubi Loyazaliyni va bir Ma`budi Lamyazalni xushyor bo’lgan aql va qalblarga ko’rsatadi.
Xullas, ey moddiyot qorong’iligida, vahimalar zulmatida, bo’g’uvchi shubhalar ichra titrayotgan g’ofil! O’zingga kel. Insoniyatga loyiq bir suratda yuksal. Shu to’rt tuynuk orqali boq, Vahdat jamolini ko’r, mukammal iymonni qozon, haqiqiy inson bo’l!

Yigirma Yettinchi Deraza
اَللّهُ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ وَكِيلٌ
Koinotda sabablar va musabbablar ko’ringan narsalarga qarasak ko’ramizki, eng a`lo bir sabab eng oddiy musabbabga kuchi yetmaydi. Demak, sabablar bir pardadir. Musabbabni, ya`ni sabablarning mahsulini yaratgan Zot boshqadir.
Masalan, hadsiz san`atlardan bor-yo’g’i juz`iy bir misol o’laroq, inson miyasida mosh urug’idek kichkina bir yerda joylashtirilgan xotiraga qarasak ko’ramizki, shunday bir jome` kitob, balki kutubxona hukmidadirki, butun hayot sarguzashtlari uning ichida chalkashsiz yoziladi.
----------------------------------------------------------
(Izoh) Shu deraza hammaga emas, balki qalb ahli va muhabbat ahliga maxsusdir.
Аудио мавжуд эмас